29/Yanvar/2023 O’zbekiston dunyo nigohida
TOKIO, 29-yanvar. /“Dunyo” AA/. Yaponiyaning yetakchi bosma nashrlaridan biri - «Yomiuri shimbun» gazetasida O‘zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda mamlakatimizda turizm infratuzilmasini rivojlantirish va xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani qalamga olingan.
Materialda O‘zbekiston qator davlatlar fuqarolari uchun mamlakatga kirishga viza tartiblarini soddalashtirgani taʼkidlangan. Xususan, Yaponiya fuqarolari uchun 2018 yildan boshlab O‘zbekistonga kirish vizasi bekor qilindi, deyiladi maqolada.
Yapon gazetasi, shuningdek, Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent va boshqa tarixiy shaharlari tarixi va meʼmoriy obidalari haqida yozgan. Muallif yapon aholisini mamlakatimizning qadimiy obidalarini bir marta bo‘lsada borib ko‘rishga daʼvat etgan.
Maqolada O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonovning yaponiyalik sayyohlarni yurtimizga chorlovchi murojaati ham joylashtirilgan olgan.
Maʼlumot uchun: Yaponiyaning ommabop bosma nashri bo‘lgan «Yomiuri shimbun» gazetasi 1874 yildan eʼtiboran har kuni chop etiladi. Uning kunlik adadi 8 million nusxani tashkil qiladi.