20/Yanvar/2022 Iqtisodiy diplomatiya
TOKIO, 20-yanvar. /«Dunyo» AA/. Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar jarayoniga xalqaro hamjamiyatni jalb etishga yo‘naltirilgan ishlar doirasida O‘zbekistonning Tokiodagi elchixonasi tashabbusi bilan Yaponiyaning Tokiwa Phytochemical Co. Ltd korxonasi, Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalari universiteti, Syova farmatsevtika universiti bilan Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti o‘rtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tokiwa Phytochemical Co. Ltd fitokimyo sohasiga ixtisoslashgan korxona hisoblanadi. 1949 yilda tashkil topgan ushbu kompaniya asosan farmatsevtika, kosmetika va oziq-ovqat ingrediyentlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Tokiwa Phytochemical Co. Ltd boshqarmasi boshlig‘i N.Kimura o‘z korxonasi 1970 yillardan buyon O‘zbekiston bilan hamkorlik qilib kelayotganini, jumladan, yurtimizdan qizilmiya ekstraktini import qilish asnosida uni qayta ishlash bilan shug‘ullanayotganini aytdi. Shuningdek, u korxona tomonidan O‘zbekistonda efedra o‘simligini yetishtirish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish yuzasidan jiddiy qiziqish mavjud ekanligini ham bildirdi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston hukumati tomonidan Orol fojeasi oqibatlarini minimallashtirish va iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini yumshatish, jumladan, Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish bo‘yicha keng qamrovli va uzoq muddatli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani yapon tomoniga ma’lum qilindi.
Qoraqalpog‘iston Qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti prorektori B.Jollibekov muzokara qatnashchilari bilan institut haqidagi ma’lumotlarni o‘rtoqlashar ekan, Orolbo‘yi mintaqasida efedra o‘simligini yetishtirish uchun barcha sharoitlar mavjudligini, xususan, hukumat tomonidan qulay investitsiya muhiti yaratilgani va ilmiy-tadqiqotlar olib borish uchun maxsus grantlar ajratilayotganini aytdi. Shu bilan birga, hozirgi paytda yurtimizda dorivor o‘simliklarni yaratish va agrotexnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga katta e’tibor qaratilayotgani va bu jarayonga Tokiwa Phytochemical salohiyatini jalb qilishdan mamlakatimiz manfaatdor ekanligi bildirildi.
Tadbir yakunida kelgusidagi o‘zaro hamkorlikning mexanizmlarini belgilash hamda ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishni ko‘zda tutadigan Memorandumni imzolashga kelishib olindi.