21/May/2022 O’zbekiston dunyo nigohida
TOKIO, 20-may. /“Dunyo” AA/. Yaponiyaning “Sen-i-news” gazetasida O‘zbekiston elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov bilan o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan xalqaro boykotning bekor qilinganiga bag‘ishlangan suhbat chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Diplomat nashr muxbiriga bergan intervyusida joriy yil 10 mart kuni «Cotton Campaign» koalitsiyasi o‘zbek paxtasiga boykotni to‘xtatgani, 22 mart kuni esa mamlakatimiz hukumati koalitsiya bilan hamkorlikda qo‘shma bayonot qabul qilganini taʼkidladi.
«O‘zbekiston raqobatbardosh mahsulot bo‘lgan yuqori sifatli paxta yetishtiradi, - dedi elchi. - Biz Yevropa, Amerika va boshqa yetakchi brendlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga hamda to‘qimachilik mahsulotlari eksportini kengaytirishga qatʼiy qaror qilganmiz».
Suhbatda taʼkidlanganidek, to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish uchun O‘zbekistonda klaster tizimi yaratildi. Unga ko‘ra, faqat yigiruv korxonalari paxta sotib olishi mumkin. Bunday tizim samarasida to‘qimachilik sanoatining barcha jarayonlarini, xususan, kalava ip, gazlamalar va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni qamrab olgan korxonalar safi kengayib bormoqda. O‘zbekiston paxta tolasi eksportini deyarli to‘xtatdi va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar eksportini kengaytirishga intilmoqda.
Elchi Yaponiyaga eksport hajmini oshirish uchun yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish zarurligini taʼkidladi. “Yaponiya bilan hamkorlik mamlakatimiz sanoat sektori darajasini oshirishi mumkin. O‘zbekistonda so‘nggi paytlarda xorijiy investitsiyalar hajmi ortib bormoqda. O‘ylaymanki, Yaponiya kompaniyalari mamlakatimizda yangi biznesni boshlash uchun yaxshi imkoniyatga ega. Shu bilan birga, yaxshi sherik topish muhimdir. O‘zbekistonda iqtisodiyotning turli sohalari jadal rivojlanmoqda va boy sayyohlik salohiyati mavjud. Fursatdan foylanib, nashr mushtariylarini O‘zbekistonga sayohat taklif qilman”, dedi dipmissiya rahbari nashr muxbiriga.