Uz / Ўз Ru En

Toshkent

24/Yanvar/2022   Ta'lim

Xorijiy tillarni o‘rganishni takomillashtirish uchun 15 milliard so‘m ajratiladi

TOSHKЕNT, 24-yanvar. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Xorijiy tillarni o‘rganishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi  qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.


Ushbu qarorda xalq ta’limi sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligining budjetdan tashqari jamg‘armasiga  bir martalik 15 milliard so‘m miqdoridagi moliyaviy ko‘mak mablag‘larini ajratish nazarda tutilgan.

Jamg‘armaga davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lardan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

-samarali natija bergan o‘qitish metodikalari, dastur va darsliklarni maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari, akademik litseylar, oliy ta’lim muassasalari va o‘quv markazlarida joriy etish;

-xorijiy davlatlarda chop etiladigan zamonaviy o‘quv va ilmiy adabiyotlar, darsliklar hamda o‘quv qo‘llanmalarini, xalqaro testlar va ularni joriy qilish uchun tegishli ruxsatnoma va litsenziyalar, xorijiy tillarni o‘rgatishga qaratilgan kontentlarning mualliflik huquqlarini xarid qilish;

-xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, dasturiy ta’minot loyihalarini ishlab chiqish va joriy etish;

-xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirish, tilning asosiy ko‘nikmalarini shakllantirish uchun videorolik, o‘yin, ko‘ngilochar ko‘rsatuv, filmlar va boshqa o‘rgatuvchi kontent yaratish;

-fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan, mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb etish va boshqalar.

Bundan tashqari, ta’lim tili rus tili bo‘lmagan umumta’lim muassasalar (sinflar)da faoliyat yuritayotgan kamida S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega rus tili fani o‘qituvchilariga 50% ustama 2022 yil 1 fevraldan boshlab to‘lanadi.

Bunda «Test of Russian Foreign Language» (TORFL) xalqaro sertifikatining S1 darajasi, «Test po russkomu yaziku kak inostrannomu» (Chet tili sifatida rus tilidan test) xalqaro sertifikatining TRKI 3 darajasi, shuningdek, «Test po russkomu yaziku kak inostrannomu» xalqaro sertifikatining S1 darajasi hamda  «The Common European Framework of Reference for Languages» metodikasi bo‘yicha S1 darajadagi sertifikatlar o‘zaro muvofiq hisoblanadi.

Malakali mutaxassislarni jalb etgan holda 2022 yil 1 martdan boshlab chet tili fani o‘qituvchilarining tinglab tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini rivojlantirishga hamda sertifikatga ega bo‘lishlariga yo‘naltirilgan o‘quv kurslari tashkil etiladi.

2022 yil 1 mayga qadar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga xalqaro tan olingan baholash tashkilotlari bilan hamkorlikda pedagog kadrning malaka toifasini olish bo‘yicha chet tili fani o‘qituvchilarining malaka sinovlarida tinglab tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini baholash tizimini ishlab chiqish topshirildi.

Mavzuga oid

2021-2027 yillar uchun yangi “Erasmus+” ...

Bugun Toshkentda 2021-2027 yillarda birinchi yillik yangi “Erasmus+” dasturi taqdimoti onl...

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari ...

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor U...

Jizzaxda Hindiston bilan hamkorlikda tas...

Kecha Jizzax shahrida «Sambhram» universitetining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali mar...

So`nggi yangiliklar