27/Mart/2023 Konstitutsiyaviy islohotlar
GUANCHJOU, 27-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Guanchjoudagi Bosh konsulxonasi xodimlari Xunan provinsiyasiga ishchi tashrifi doirasida Markaziy Janubiy universitetda (Central South University- CSU ) tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir avvalida talabalarga konsullik masalalari yuzasidan to‘liq maʼlumot berildi, shuningdek, yangi pasport va guvohnomalar olish, tegishli maʼlumotnomalarni rasmiylashtirish tartiblari tushuntirildi.
Joriy yilning 30 aprel kuniga belgilangan muhim siyosiy tadbir-umumxalq referendumi tafsilotlari urg‘ulandi. Bo‘lajak referendumda har bir ovozning muhimligi va O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha islohotlar birinchi navbatda inson qadrini oshirishga qaratilgani alohida taʼkidlandi.
Xususan, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha jamoatchiligimiz tomonidan 220 mingdan ortiq takliflar yuborilgani va ular natijasida Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan Asosiy qonun loyihasining yakuniy tahriri tayyorlangani bildirildi.
O‘z navbatida, talabalar chuqur bilim olishga, bo‘lajak siyosiy tadbirda faol ishtirok etish orqali o‘z oilalari va mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida munosib hissalarini qo‘shishga tayyor ekanliklarini taʼkidladilar.
CSU Xitoy taʼlim vazirligi boshqaruvidagi milliy universitet hisoblanadi. Universitet zamonaviy o‘quv qurollari va jihozlariga ega 4 ta milliy darajadagi laboratoriyalarga ega. Bugungi kunda ushbu oliy taʼlim muassasasida 50 ming talaba 10 ta yo‘nalishda tahsil olmoqda.