20/Yanvar/2022 Ta'lim
TOSHKЕNT, 20-yanvar. /«Dunyo» AA/. Vazirlar Mahkamasining «Xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Ushbu hujjat bilan xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Unda xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimining tuzilmasini va xalq ta’limi tizimidagi rahbar, pedagog va mutaxassis xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayoniga tinglovchining alohida o‘quv modullari bo‘yicha o‘qishi va ta’limning kredit-modul tizimini joriy etish vaziflari belgilangan.
Shuningdek, «Uzluksiz kasbiy ta’lim» maxsus elektron platformasi orqali o‘qituvchilarning kompetentlik darajasini oshirish va kasbiy mahoratini takomillashtirish mexanizlari yaratilishi ham ko‘zda tutilgan.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan amalga oshiriladigan uzluksiz kasbiy ta’limning sifatini baholash va nazorat qilish tartibi ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish faoliyati bilan shug‘ullanadigan ixtisoslashgan ta’lim tashkilotlari reyestrini yuritish tartibi ham nazarda tutilgan.
Hukumatning ushbu qarori bilan Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 dekabrdagi «Pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ham o‘zgartishlar kiritildi.