02/Iyul/2022 Jamiyat
VLADIVOSTOK, 2-iyul. “Dunyo” AA/. Primorsk o‘lkasi o‘zbeklarining milliy-madaniy avtonomiyasi jamoat tashkiloti raisi o‘rinbosari Hafiza Malikova xalqimizni O‘zbekiston Davlat gerbi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan tabrikladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
-Davlat ramzlari O‘zbekiston Konstitutsiyasining
5-moddasida o‘z ifodasini topgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston xalqi uchun uning davlat madhiyasi, gerbi, bayrog‘ining borligi va u qonun himoyasida ekanligi qayd etilgan.
Bu yil tinchligimiz, tug‘ilib o‘sgan jannatmakon yurtimizning o‘zida ifoda etgan Davlat gerbi qabul qilinganligiga 30 yil to‘ldi. Har birimizning vatanparvarligimiz mamlakatimizning asosiy ramzlariga bo‘lgan hurmat-ehtiromdan boshlanadi va bu qarashlarimiz bilan uzviy bog‘liqdir. Davlat ramzlarimiz bizni katta bir oilaga birlashtiradi, mamlakatimizning boy tarixi va ulug‘vor anʼanalari bilan faxrlanishga undaydi.
Barchangizga sihat-salomatlik, baxt, quvonch va farovonlik tilayman.