Uz / Ўз Ru En

Toshkent

24/May/2022   O'zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarida

Vengriyada o‘zbek olimi Mulla Isoq Ibrohim xotirasi yodga olindi

BUDAPESHT, 24-may. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Avstriyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Vengriyada yashab ijod qilgan o‘zbek olimi Mulla Isoq Ibrohim (1836-1892) tavalludining 186 yilligi munosabati bilan vatandoshimiz dafn etilgan Feyer viloyati Velense shaharchasidagi qabristonda gulchambar qo‘yish marosimi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Marosimda Turkiy davlatlar tashkilotining Vengriyadagi vakolatxonasi rahbari Yanosh Xovari, Velense shahri meri Gerxard Akosh, vengriyalik turkolog olimlar va tadqiqotchilar hamda O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi vakillari ishtirok etdilar.

Yanosh Xovari o‘z nutqida venger va o‘zbek xalqlari qadim aloqalarga egaligi xususida to‘xtalar ekan, ikki xalqning tarixiy kelib chiqishi bir-biriga tutash ildizlarga borib taqalishini, o‘zaro tarixiy munosabatlar XIX asrda Armin Vamberi va Mulla Isoqning o‘zaro do‘stligi natijasida qayta tiklanganligini alohida taʼkidladi. “Hozirgi paytda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar  O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban saʼy-harakatlari bilan sifat jihatdan yuqori bosqichga ko‘tarilgan”, dedi u.

Shuningdek, turkshunos olimlar Mulla Isoqning Vengriyada kechgan hayoti haqidagi tarixiy maʼlumotlarga alohida eʼtibor qaratdilar. Xususan, Vengriya Fanlar akademiyasi tadqiqotchisi D.Somfai o‘zbek olimi Mulla Isoq o‘z hayot yo‘li va ijodi bilan Vengriya madaniyati rivojiga hissasini qo‘shganini alohida taʼkidladi.

Mulla Isoq 1836 yilda Qoraqolpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida tavallud topgan. 1863 yilda Xivada Muhammadaminbek madrasasi talabasi bo‘lgan vaqtida vengriyalik mashhur tukrshunos olim, sayohatchi Armin Vamberi bilan uchrashgan va u bilan birgalikda Turkiya orqali Vengriyaga kelgan. Mulla Isoq mahalliy xalq tilini o‘rganib Vengriya Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik kutubxonasida ishlagab ijod qilgan. U shu yerda oila qurgan va hayotining so‘nggi damlarida Vengriyaning Velense shaxarchasiga ko‘chib kelgan. Vatandoshimiz 1892 yili 56 yoshida vafot etgan.

Mulla Isoq Armin Vamberining do‘sti va shogirdi bo‘lgan. Armin Vamberi o‘zining 1864 yildagi “O‘rta Osiyoga sayohat” nomli mashxur asarida Mulla Isoq haqidagi maʼlumotlarni yozib qoldirgan.

Mulla Isoq venger yozuvchisi Yanosh Aronning «Ajoyib ohuning hikoyati» sheʼriy asarini mojar imlosida o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Hozirgi paytda ushbu kitobning asl nusxasi Vengriya Fanlar akademiyasi kutubxonasida saqlanmoqda.

Alohida qayd etish joizki, mazkur tarjima asarning yangi taxrirdagi nusxasi Vengriya Bosh vaziri V.Orbanning 2021 yil mart oyida O‘zbekistonga buyurgan tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan unga tuhfa qilingan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida Mulla Isoq Ibrohim nomi bilan ataladigan jome masjid mavjud. Uning peshtoqida Vengriyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan birgalikda Mulla Isoq Ibrohimning Vengriyadagi hayoti haqidagi maʼlumotlar bitilgan lavha o‘rnatish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid

AQSH Davlat kotibi Navro‘z bayramiga bag...

O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari, Afg‘oniston va Ozarb...

Rossiya poytaxtida o‘zbek sanʼat ustalar...

O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘r...

Buyuk Britaniyadagi vatandoshlar tomonid...

O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi ko‘magida Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirov va Y...

So`nggi yangiliklar