30/May/2023 O'zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarida
ISTANBUL, 30-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari “DHA” (Demirören haber ajansı) axborot agentligi bosh direktori Jelal Korkut bilan uchrashuv o‘tkazdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda, shuningdek, “DHA” bosh direktorining o‘rinbosari Bulent Ovajik hamda Yangi mediya va korporativ xabarlar bo‘limi mudiri Dog‘ukan Unal ishtirok etdi.
Suhbat avvalida bosh konsul Amirsaid Agzamxodjayev turk tomonini mamlakatimizda kechayotgan muhim islohotlar, Bosh qomusimizga kiritilgan o‘zgartishlar va joriy yil 9 iyul kuniga belgilangan muddatidan ilgari O‘zbekiston Prezidentligi uchun saylovlar mazmun-mohiyati bilan tanishtirdi.
“DHA” AA bosh direktori Jelal Korkut O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida barcha sohalarda o‘rnatilgan juda yaqin aloqalarni yuqori baholadi. Shu munosabat bilan u “DHA” AA O‘zbekistonning yetakchi OAV bilan hamkorlik o‘rnatishga tayyorligini bildirdi.
Muloqot yakunida “DHA” rahbariyatini O‘zbekistonga amaliy safarini tashkil etish, tashrif doirasida mamlakatimizning yetakchi OAV mutasaddilari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida bir qator uchrashuvlar uyushtirish va agentlik platformalarida yurtimiz sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan materiallarni muntazam eʼlon qilib borish to‘g‘risida kelishib olindi.