Uz / Ўз Ru En

Toshkent

08/Yanvar/2021   Dolzarb

Turkiyadan munosabat: Murojaatnomada taʼkidlangan iqtisodiyotni erkinlashtirish, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa barqarorligi uchun muhim ahamiyatga ega


 ANQARA, 7-yanvar. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning yetakchi tahlil markazlaridan biri Anqara Inqiroz va siyosat tadqiqotlari markazi — ANKASAM  direktori, professor Mexmet Seyfitdin Erol O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

— Darhaqiqat, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida taʼkidlab o‘tganidek, 2020 yil barchamiz uchun sinovlarga, hatto inqirozlarga boy yil bo‘ldi. Shu bilan birga, eʼtirof etish lozimki, global pandemiya va uning misli ko‘rilmagan darajada keng ko‘lamli oqibatlariga qaramay, O‘zbekiston turli qiyinchilik va stagnatsiyalarga yo‘l qo‘ymasdan o‘z taraqqiyotini davom ettirishga erishgan kam sonli mamlakatlar qatoridan joy oldi.

Hatto, O‘zbekiston rahbariyati o‘zining oqilona qarorlari, qatʼiy siyosiy irodasi natijasida dunyoda hukum surayotgan inqiroz jarayonlarini ayrim holatlarda imkoniyatga ham aylantirishga erishdi. Hozirgi kunda xalqaro maydonda «Yangi O‘zbekiston» deb nomlanayotgan jo‘shqin islohotlar harakati bu sinovli davrda o‘zini to‘la oqladi. O‘zbekistonning mintaqadagi muhim va kuchli davlat bo‘lib qolayotganini yana bir bor isbоtlandi.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida taʼkidlab o‘tganidek, mahalliy hokimiyatlarga, quyi pog‘onadagi rivojlanishga katta eʼtibor qaratilayotgani, inson huquqi va erkinliklarini himoya qilish, qonun ustuvorligini taʼminlash bo‘yicha boshlangan islohotlarga alohida ahamiyat berilgani, iqtisodiy sohada halol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va «yashirin iqtisod»ni qisqartirishga qaratilgan keskin kurash yangi davlat tizimini shakllantirishda muhim natijalarni bera boshladi. Ayniqsa, iqtisodiyotni erkinlashtirish, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar nafaqat ushbu mamlakat, balki aytish mumkinki, butun mintaqa barqarorligi uchun katta ahamiyatga molik.

O‘tgan yilda aholi sog‘lig‘ini saqlash tizimi O‘zbekistonda yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rdik. Pandemiyaning ilk kunlaridan boshlab butun boshqaruv tizimi va barcha tibbiyot muassasalari faol ishlab, barcha bemorlar qamrab olindi. Toshkent shahri va hududlarda barcha sharoitlarga ega bo‘lgan qariyb 30 ming o‘rinli davolash maskanlari tashkil etilgani diqqatga sazovordir. O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi davridan eng oz zarar bilan chiqilishi ham ko‘pchilikning eʼtiborini o‘ziga tortdi.

Eng muhimi pandemiya davrida qator mamlakat va mintaqalarda inqiroz va tanglik holatlari kuzatilganiga qaramasdan, O‘zbekiston o‘z barqarorligini saqlab qoldi, Markaziy Osiyoda «barqarorlik oroli» sifatida yana bir bor o‘z mavqeini mustahkamladi.

Oliy Majlisga Murojaatnomada oldingi yillardagi kabi bu gal ham tashqi siyosat masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. O‘zbekiston olib borayotgan ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosatni eʼtirof etmaslik mumkin emas. Xususan, Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va o‘zaro ishonch ruhidagi aloqalarda O‘zbekiston rahbariyatining yondashuvi katta ahamiyatga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016 yilda hokimiyatga kelgach, amalga oshirilgan bu yo‘nalishdagi tub o‘zgarishlar bugungi kunda o‘z natijalarini bermoqda. O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun Yevrosiyoda muhim mamlakat sifatida qad rostlamoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston lideri ham Oliy Majlisga Murojaatnomasida, ham BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida taʼkidlab o‘tgan mintaqaviy transport-kommunikatsiyalarining ahamiyatini alohida qayd etish zarur. Darhaqiqat, bu masalalar mamlakatingizning  buguni va kelajagi uchun o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, O‘zbekiston ham tarixiy Buyuk ipak yo‘li hamda zamonaviy «Bir kamar – bir yo‘l» tashabbusi doirasidagi loyihalarning hayotga tadbiq etilishida markaziy rol o‘ynashi mumkin. Yana bir jihat bu – Transafg‘on loyihasi. Bu loyiha va unda ishtirok etishi ko‘zda tutilayotgan boshqa subyektlarni inobatga olsak, O‘zbekiston o‘zining butun tevarak atrofi bo‘yicha muhim tashabbuslarni boshlaganini ko‘rishimiz mumkin. Ushbu loyihalar kelgusida katta ahamiyat kasb etib, O‘zbekiston va mintaqa taqdirida jiddiy o‘rin tutishi ehtimoli yuqori, albatta.

Ushbu yo‘llar va loyihalarning amalga oshirilishida va xavfsizligini taʼminlashda O‘zbekistonning geostrategik o‘rni katta ahamiyatga ega. Prezident o‘z nutqida qo‘shni Afg‘oniston zaminida tinchlik o‘rnatilishiga qaratilgan eʼtibori va bu ezgu yo‘lda amaliy yordamga tayyor ekanligi mazkur jarayon uchun juda muhim. Tinchlikparvar va sulhparvar O‘zbekistonning roli Afg‘onistonda doimiy tinchlikka erishish uchun zarur omillardan biridir.

Xulosa qilib aytganda, hozirgi davrda xalqaro munosabatlarda yangi zamonaviy dunyo tartibi shakllanar ekan, Markaziy Osiyodagi muhim mamlakat sifatida O‘zbekiston oldingi o‘rinlarga chiqmoqda. O‘zbekiston Yevrosiyodagi barqarorlik va tinchlikning ramzi sifatida gavdalanmoqda. Shubhasiz, O‘zbekistonning ushbu muvaffaqiyatida ming yillarga dahldor tajribasi, ko‘hna madaniyati va davlatchilik tarixining ham alohida roli bor. Bu omillarni to‘g‘ri ishga solishda Prezident Mirziyoyevning oqilona siyosati va o‘zbek xalqining qo‘llab-quvvatlovi asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mavzuga oid

Rasulxon Qodirxonov: Konstitutsiya — huq...

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiya qabul qilinganligining 28 yilligi munosabati bilan...

Statistika tizimi xalqaro standartlarga ...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-iyun kuni milliy statistika sohas...

Akmal Saidov «Inson huquqlari himoyasi ...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi...

So`nggi yangiliklar