28/May/2022 TIV yangiliklari
TOSHKENT, 28 may. /“Dunyo” AA/. 30-31 may kunlari Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) bosh kotibi Bag‘dod Amreyev tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston vazirlik va idoralaridagi uchrashuv hamda muzokaralarda O‘zbekiston va TDT o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollari, shuningdek, mazkur tashkilotning mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan sammitiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Turkiy davlatlar tashkiloti transport vazirlari kengashi, Qishloq xo‘jaligi vazirlari kengashining yig‘ilishlari, Turkiy agroforum va boshqa qator tadbirlar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Turkiy davlatlar hamkorlik kengashining 2021 yil 12 noyabr kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan 8-sammitida tashkilot raisligini Ozarbayjonga o‘tkazish va 2022 yilda O‘zbekistonda Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi.
Surat “Dunyo” AA arxidan