Uz / Ўз Ru En

Toshkent

08/Aprel/2021   Sanalar

Tug‘luq Temurxon bilan uchrashganimdan so‘ng ko‘nglimga kelgan birinchi kengashim – “Temur tuzuklari”dan


TOSHKЕNT, 8 aprel. /«Dunyo» AA/. 1336 yil 9 aprel kuni yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi Sohibqiron Amir Temur tug‘ilgan. O‘zbek davlatchiligi tarixida Amir Temurning tutgan o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu sana munosabati bilan Amir Temurning davlatchilik va diplomatiya, harbiy mahorat, bunyodkorlik salohiyati, ilmu fan, san’at va me’morchilikka oid qarashlari haqidagi «Temur tuzuklari» kitobidan parchalar e’tiboringizga havola etilmoqda.

“Tug‘luq Temurxon bilan uchrashganimdan so‘ng ko‘nglimga kelgan birinchi kengashim

 

Tug‘luq Temurxon (sarkardalari) Bekkichik, Hojibek arkanut, Ulug‘ Tug‘ Temur kerayit va Jetaning boshqa amirlaridan uch favj tuzib, Movarounnahr mamlakatini talon-toroj qilish uchun yuborgani, o‘sha uch favj qo‘shin Xuzor degan joyga kelib tushgani haqidagi xabar mening qulog‘imga yetdi. Shunda Tug‘luq Temurxonni borib ko‘rishdan ilgari bu ochko‘z amirlarni mol-dunyo bilan mahliyo etib, Movarounnahr viloyatini qatlu g‘oratdan qutqarib qolishga qaror qildim.

Tilga olingan amirlarni ko‘rganimda, ularni haybatim bosdi shekilli, ortiqcha iltifotlar ko‘rsatib, hurmatimni bajo keltirdilar. Ularning ko‘zlariga o‘xshash ko‘ngillari ham tor bo‘lganidan, sovg‘a-sovrun yo‘sinida berilgan har turlik tansiq mollar ko‘zlariga ko‘p ko‘rindi va Movarounnahrni bosib olish, talon-toroj qilish niyatidan qaytdilar.

(Shundan so‘ng) to‘g‘ri borib Tug‘luq Temurxon bilan ko‘rishdim. Xon kelishimni yaxshilikka yo‘yib, (saltanat ishlarida) mendan kengash so‘radi. Ko‘rsatgan kengashlarimni to‘g‘ri deb topib, barchasini qabul qildi.

Shu asnoda Tug‘luq Temurxonga xabar keltirdilarkim, (yuqorida aytilgan) uch favj amirlari mahalliy xalkdan naqd pul va sovrunlar olib, ular bilan kelishmishlar. Xon shu ondayoq mol-mulk bilan naqd pullarni qaytarib olish uchun vakil tayin qildi va amirlarni bundan buyon Movarounnahrga borishlarini man’ etdi. Mansablaridan bo‘shatdi. O‘rinlariga Xoji Mahmudshoh Yasuriyni tayinladi.

Bu hakda amirlar xabar topgach, dushmanlik bayrog‘ini ko‘tarib, yurtlariga qaytib ketdilar. Yo‘lda xonning devonbegi va bosh maslahatchisi bo‘lmish O‘g‘lonxo‘jani uchratdilar. Uni ham o‘zlariga og‘dirib olib, Jeta tomon yuzlandilar.

Aynan shu vaqtda Tug‘luq Temurxonning Dashti qipchoqdagi amirlari ham isyon tug‘ini ko‘targani haqida xabar olindi. Bundan xon tashvishga tushdi. U men bergan maslahatga ko‘ra Jeta tarafga yo‘l oldi. Movarounnahrni esa menga qoldirdi va bu xususda yorlig‘u ahdnoma yozib berdi. Amir Qorachor no‘yonning Movarounnahrdagi tumanini ham menga topshirdi. Men butun Movarounnahr viloyatiga, to Jayhun daryosining sohillarigacha cho‘zilgan yerlarga hukmron bo‘ldim.

Davlat va saltanatimning boshlanishida eng avval qilgan kengashim shul edi.

Men tajribamdan shuni bildimki, yuz ming otliq askar qilolmagan ishni bir to‘g‘ri tadbir bilan amalga oshirish mumkin ekan”.

Mavzuga oid

Alisher Navoiy ijodiy merosi Germaniyada...

Joriy yil o‘zbek xalqining buyuk shoiri, mutafakkiri va davlat arbobi hazrat Alisher Navoi...

Fransiyadan munosabat: Luvr muzeyidagi B...

Buyuk adib, shoir, yirik davlat arbobi va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining...

So`nggi yangiliklar