27/May/2022 TIV yangiliklari
TOSHKENT, 27-may. /“Dunyo” AA/. Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston va Finlyandiya Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning o‘ninchi davrasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, tomonlar delegatsiyalariga O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov va Finlyandiya tashqi ishlar vazirligining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha departamenti bosh direktori Mariya Liivala boshchilik qildi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Finlyandiya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlarning holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Dolzarb va amaliy ahamiyatga ega hujjatlar orqali iqtisodiy diplomatiyani takomillashtirish va ikki tomonlama hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Taʼlim sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, jumladan, o‘zaro tashriflar, seminarlar, treninglar va boshqa tadbirlarni tashkil etish orqali taʼlim muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, ikki mamlakat tahlil markazlari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.
Shuningdek, mintaqaviy masalalar hamda BMT, Yevropa Ittifoqi va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.
Zafar Yuldoshkulov olgan surat (“Dunyo” AA)