Uz / Ўз Ru En

Toshkent

10/Avgust/2022   Tarix

Toshkentda “O‘zbek xotin-qizlarining davlatchilik tarixidagi o‘rni va xizmatlari” mavzusiga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi

TOSHKENT, 10-avgust. /“Dunyo” AA/. Oliy Majlis Senati, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi hamda Fanlar akademiyasi Tarix instituti hamkorligida “O‘zbek xotin-qizlarining davlatchiligimiz tarixidagi o‘rni va xizmatlari” mavzusidagi ilmiy yig‘ilish o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmatidan maʼlum qilinishicha, unda senator va deputatlar, hukumat vakillari, vazirlik va idoralar rahbar ayollari, Fanlar akademiyasi Tarix instituti, “O‘zarxiv” agentligi, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi faol xotin-qizlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Anjumanni Oliy Majlis Senati Raisi – Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva kirish so‘zi bilan ochdi.

Bugungi kunda xotin-qizlarning davlat boshqaruvi, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarda faolligini oshirish har qachongidan ham ko‘proq eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining 69-maqsadi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash” deb belgilangan.

Albatta, ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga doir islohotlarda o‘z aksini topgan ushbu ezgu maqsadlarni amalga oshirish, eng avvalo, uch ming yillik o‘zbek davlatchiligi tarixida ayollarimizga bo‘lgan munosabat, turli davrlar osha saqlanib qolgan xotin-qizlarni qadrlash va eʼzozlash bilan bog‘liq bo‘lgan milliy tarbiya, urf-odat hamda anʼanalarimizni chuqur o‘rganish, xotin-qizlarning o‘zbek davlatchiligi tarixidagi o‘rni va xizmatlarini xalqimiz orasida keng targ‘ib etishni taqozo etadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev milliy ongni tarbiyalash, zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirishda tarix fanining alohida o‘rni borligini doim taʼkidlab keladilar.

G‘urur bilan taʼkidlash mumkinki, o‘tmishda davlat boshqaruvi, harb ishi, yurt himoyasi, mulkchilik, qurilish, ishbilarmonlik, homiylik, taʼlim-tarbiya, adabiyot, diniy sohalarda o‘zbek ayollari ko‘rsatgan faoliyat uncha-muncha xalq va davlat tajribasida uchramaydi. Buni so‘nggi besh-olti yil ichida jadal rivojlanishni boshdan kechirayotgan tarix fanida qo‘lga kiritilayotgan ilmiy natijalar isbotlamoqda.

Tashkil etilgan ko‘rgazmada O‘zbekiston Milliy arxivda saqlanayotgan noyob vaqf hujjatlari namoyishi tashkil etildi. Mazkur vaqf hujjatlari Buxoro amirligi, Qo‘qon va Xiva xonligi davrida yashagan turli toifa ayollar tomonidan madrasa, maktablar faoliyati va boshqa ezgu maʼrifiy amallarga atab o‘z boyliklarini xayr-ehson qilinganini tasdiqlaydi. Shuningdek, O‘zbekiston kino, foto va ovozli hujjatlar Milliy arxivida saqlanayotgan suratlar ko‘rgazmasida o‘zbek milliy libos va taqinchoqlari, hunarmand, sanʼatkor, ijodkor va boshqa soha ayollarining ish jarayondagi tasvirlaridan iborat fotoko‘rgazma, arxiv manbalari ayollarimizning davlatchilik tarixida tutgan o‘rni va mavqeini hujjatli asosda ifodalab beradi.

Tadbirda o‘zbek ayolining qadr-qimmati, qadimgi ashyoviy manbalarda aks etgan ayol timsoli, xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rni, kiyinish madaniyati, zeb-ziynatlar va ularning falsafasi, Qo‘qon malikasi, Ming oyim va uning kelini Nodira begimning maʼrifat, iqtisodiy hayot va davlat boshqaruvdagi faoliyati, turli manbalarda xotin-qizlar tomonidan ijtimoiy hayot, maorif ravnaqi yo‘lida amalga oshirgan homiylik, bunyodkorlik ishlari, yangicha fikrlovchi jadid ayollarining matbuotdagi chiqishlariga oid maʼlumotlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Tadbir yakunlari bo‘yicha tavsiyalar qabul qilindi.

Mavzuga oid

Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidan tuxums...

Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidan tuxumsimon 2 ta xum va 2 ta o‘rta asrlar arxeologik yodg...

2023 yili Qohira universitetida O‘zbekis...

O‘zbekistonning Misrdagi elchixonacida Qohira universiteti Sharq tillari markazi olimasi, ...

O‘zbekiston arxeologlaridan navbatdagi t...

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida joylashgan Surxon davlat qo‘riqxonasi, Xatak bo...

So`nggi yangiliklar