29/May/2023 Ekologiya
TOSHKENT, 29 may. /“Dunyo” AA/. Tabiat resurslari vazirligida YUNESKOning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Vazirlik maʼlumotiga ko‘ra, unda Tabiat resurslari vazirligi hamda YUNESKO o‘rtasidagi ekologik taʼlim, tabiiy merosni boshqarish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida “yashil” iqtisodiyotga bosqichma-bosqich o‘tish, raqamlashtirish tizimi, ekologik taʼlim va madaniyatni joriy etish, xodimlar va mutaxassilar salohiyatini oshirish hamda bu borada xorijiy tajribani qo‘llash muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston atrof muhiti va tabiiy resurslardan foydalanish to‘g‘risida milliy maʼruzasini ishlab chiqish, milliy ekologik va tabiiy meros ro‘yxatlarini tuzish masalasi muhim ekanligi qayd etildi. Shu bilan birga, Toshkentda BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasini ochish bo‘yicha taklif bildirildi.
Bundan tashqari, Orolbo‘yi mintaqasida Orol madaniy meros bog‘i innovatsion loyihasini ishlab chiqish, madaniy meros obyektlariga tashrif buyuruvchilar markazlarini tashkil etish, iqlim o‘zgarishining oldini olish bo‘yicha strategik ahamiyatga ega dasturlarni ishlab chiqish masalalari ham muhokama qilindi. Shuningdek, havo, suv va ekologik taʼlim masalalarida olib borilayotgan izchil ishlar ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini jadallashtirishda muhim harakatlanuvchi mexanizm ekanligi alohida taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida joriy yil oktyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiyaning (CMS) 14-Tomonlar konferensiyasi (COP-14) ni hamkorlikda o‘tkazishga kelishib olindi.