Uz / Ўз Ru En

Toshkent

29/Iyun/2022   Konstitutsiyaviy islohotlar

Tojikistondan munosabat: O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohot – davr talabi, taraqqiyot garovi

DUSHANBE, 29-iyun. /“Dunyo” AA/. Tojikiston hukumatining rasmiy nashri - «Xalq ovozi» gazetasi bosh muharriri Yoqubjon Abdumannonzoda “Dunyo” AA uchun sharhida  O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan konstitutsiyaviy islohotlar ahamiyatini taʼkidladi.


-Shiddat bilan o‘zgarayotgan bugungi davrda zamon bilan hamnafas bo‘lib, mavjud qonun-qoidalar va tamoyillarni bugungi kun talablariga moslashtirish barqarorlikni taʼminlash omillaridan biridir.

Qabul qilinadigan har qanday qonun vaqt o‘tishi bilan takomillashtirilishi, yangi mazmun bilan boyitilishi uning qiymatini yana-da oshiradi.

Qo‘shni O‘zbekistonda Konstitutsiyani isloh qilish bo‘yicha ishlar boshlanganligini kuzatar ekanmiz, yuqoridagi so‘zlarga yana bir bor ishonch hosil qilamiz. Zero, ushbu qo‘shni va do‘st davlat sharoitida Konstitutsiya islohoti davr talabi, taraqqiyot garovi ekanligi shubhasiz.

Yaqinda ommaviy axborot vositalari orqali O‘zbekiston Prezidentining Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvini kuzatib, bu jarayon mamlakatda boshlangan keng ko‘lamli islohotlarni davom ettirish uchun huquqiy zamin sifatida xizmat qilishiga amin bo‘ldik.

Eʼtiborli jihati shundaki, bugun xalq ham Asosiy qonunni o‘zgartish bo‘yicha o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirib, ushbu siyosiy jarayonda faollik ko‘rsatmoqda. Negaki, ushbu uchrashuvda taʼkidlanganidek, Konstitutsiyaviy komissiyaga fuqarolar tomonidan 48 ming 492 ta taklif kelib tushgani ham islohot o‘z vaqtida amalga oshirilayotganidan guvohlik beradi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidenti nega, aynan, bugun Konstitutsiyani o‘zgartirishga ehtiyoj sezildi, degan savolga  «Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim. Bir so‘z bilan aytganda, «Inson qadri uchun» g‘oyasini hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili bo‘lgan «Inson – jamiyat – davlat» degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyatiga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirishimiz zarur. Yaʼni, insonning qadr-qimmati, shaʼni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak», deya javob berdi.

Chindan ham, Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Prezidenti etib saylanganidan buyon mamlakatda boshlagan inson qadrini ulug‘lash, davlatni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan islohotlari bugungi kunda Yangi O‘zbekistonni bunyod etish uchun tamal toshi sifatida xizmat qilmoqda.

Bu islohotlar, yuqorida aytib o‘tganimdek, endilikda huquqiy jihatdan Konstitutsiyada belgilab quyilishi  lozim. Shundagina, islohotlarning oxirigacha hayotga tatbiq etilishiga zamin yaratiladi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha to‘rtta muhim yo‘nalishni ham aytib o‘tdi.

Bular inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasi, «O‘zbekiston – ijtimoiy davlat» degan tamoyilni mustahkamlash, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini rivojlanish hamda O‘zbekistonda insonparvar, demokratik huquqiy davlat qurishdan iborat edi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning keyingi tashqi siyosati haqida fikr bildirar ekan, jumladan, Konstitutsiyaga «O‘zbekiston barcha davlatlar, eng avvalo, o‘zining yaqin qo‘shnilari bilan tinchlikparvar va do‘stona siyosat yuritishi, uning tashqi siyosati inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish, davlatlarning hududiy yaxlitligiga oid prinsip va normalarga asoslanishi haqida»gi moddani qo‘shishni taklif qildi.

Darhaqiqat, so‘nggi besh-olti yilda Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik va o‘zaro tushunish muhiti yangicha ruhda shakllandi. O‘zbekiston bugungi kunga kelib, mintaqaning barcha mamlakatlari bilan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan konstruktiv siyosatni olib bormoqda.

Birgina Tojikiston va O‘zbekiston munosabatlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, yillar davomida to‘planib qolgan masalalar ikki davlat rahbarlarining oqilona siyosati va mustaham siyosiy irodasi tufayli qisqa davr ichida o‘z yechimini topdi.

«Ilgari to‘planib qolgan muammolar shunday qisqa muddatda hal etilishini tasavvur qilib bo‘larmidi?! Bunga xalqaro tashkilotlar ham ishonmagan edi. Bugun davlatlarimiz o‘rtasida hal bo‘lmagan masala qolmadi, o‘zaro ishonch paydo bo‘ldi. Bunday munosabatlarning tashabbuskori va arxitektori hurmatli Shavkat Mirziyoyev», - degan edi Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon.

Qolaversa, O‘zbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish anʼanaga aylandi.

Bugun O‘zbekiston olib borayotgan yaxshi qo‘shnichilik siyosati xalqaro maydonda eʼtirof etilmoqda.

Ana shu tamoyilga sodiq qolgan holda, tashqi siyosatda, eng avvalo, yaqin qo‘shnilar bilan bundan keyin ham do‘stona va tinchlikparvarlik siyosatini ilgari surish Yangi O‘zbekistonning Yangi Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilsa, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ustuvor saqlashga xizmat qilishi, tabiiy.

Umuman olganda, O‘zbekiston xalqi Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, ertangi porloq va farovon hayot uchun ushbu siyosiy jarayonda faol ishtirok etishiga umid qilamiz.

Mavzuga oid

Singapurlik vatandosh: Konstitutsiyaviy ...

O‘zbekistonda boshlangan konstitutsiyaviy islohotlarga Singapurda faoliyat yuritayotgan va...

Xitoyning Foshan shahrida O‘zbekistondag...

Mamlakatimizning Guanchjoudagi Bosh konsulxona diplomatlarining Foshan shahriga ishchi tas...

AQSHdagi vatandosh: O‘zbekistonda amalga...

Saidbek Mamasoliyev, San-Fransisko universiteti talabasi

So`nggi yangiliklar