30/Mart/2023 TIV yangiliklari
TOSHKENT, 30-mart. /“Dunyo” AA/. Kecha TIVda Yevropa davlatlari va Yevropa Ittifoqi institutlari bilan hamkorlik boshqarmasi rahbari Oybek Shaxavdinov va Turkiya TIV Bosh boshqarmasi direktori Gekxan Turan o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tomonlar ko‘p tomonlama strategik sheriklik, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport, energetika, madaniy-gumanitar, fan-taʼlim va boshqa sohalardagi ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkiya hamkorligining holati hamda uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning 2022 yil 29-30 mart kunlari O‘zbekistonga tashrifi, shuningdek, 2022 yilda Samarqand shahrida o‘tkazilgan SHHT va TDT sammitlari hamda 2023 yil 16 mart kuni Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan TDTning norasmiy sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning ahamiyati taʼkidlandi.
Turkiya tomoni eng og‘ir damlarda ko‘rsatgan yordami uchun O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga chuqur minnatdorlik bildirdi. Qutqaruvchilar va tibbiyot xodimlarining faolligi tufayli o‘nlab odamlarning hayoti saqlab qolindi, Hatay viloyatining minglab aholisiga malakali yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston madaniyat va sanʼat namoyandalari, ziyolilar va jamoatchilik tomonidan katta maʼnaviy yordam ko‘rsatildi.
Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Anqara shahrida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisini tashkil etish hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari, soha uyushmalari hamda tegishli vazirlik va idoralari ishtirokida O‘zbekiston-Turkiya biznes-forumini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni ko‘paytirish orqali O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rish, shuningdek, ikki davlat aviatsiya idoralari o‘rtasida navbatdagi maslahatlashuvlarni o‘tkazish to‘g‘risida kelishb olindi.
Tomonlar turli darajalarda erishilgan kelishuvlarni amaliy amalga oshirish uchun birgalikdagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun muntazam aloqalarni davom ettirishga ahdlashib oldilar.