Uz / Ўз Ru En

Toshkent

11/Avgust/2022   Sayyohlik

“TASS” axborot agentligining Uraldagi vakolatxonasida O‘zbekiston sayyohlik salohiyati taqdim etildi

YEKATERINBURG, 11-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan joriy yil 9 avgust kuni “TASS” axborot agentligining Uraldagi vakolatxonasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Tadbirda Bosh konsulxonaning taklifiga binoan Ural turizm uyushmasi (UTU) prezidenti Mixail Malsev hamda rossiyalik yozuvchi, “Moy Uzbekistan” kitobining muallifi Darya Sirotina (onlayn tarzda) hamda Uralda faoliyat ko‘rsatadigan yirik ommaviy axborot vositalari hamda “Vesti” federal telekompaniyasining vakillari ishtirok etdilar.

Matbuot anjumani boshlanishidan oldin O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti va ulkan sayyohlik salohiyati haqidagi hujjatli video material namoyish etildi. O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida Bosh konsulxona tomonidan respublikamizning boy sayyohlik salohiyati to‘g‘risidagi batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.

Xususan, respublikamizda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida so‘nggi yillar davomida turizm sohasida amalga oshirilgan va bugungi kunda ham jadal surʼatlarda hayotga tadbiq etilayotgan islohotlar, xorijlik sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar, viza islohotlari, turizmning yangi turlari, turizm militsiyasi tuzilmasi, mamlakatning xavfsizligi hamda O‘zbekistonning turizm sohasida erishgan xalqaro muvaffaqiyatlari, jumladan, 2023 yil Samarqanda o‘tkazilajak Xalqaro turizm tashkilotining anjumani, shuningdek, O‘zbekiston va Rossiyaning bu yo‘nalishdagi samarali  hamkorligiga doir batafsil maʼlumotlar jurnalistlarning eʼtiboriga havola qilindi.   

Logistika nuqtai nazaridan Yekaterinburgdan O‘zbekistonning o‘nga yaqin shaharlariga bevosita aviaqatnovlar mavjudligini inobatga olib, uralliklar respublikamizga sayohat qilishga chorlandi, jumladan, Toshkentdan tranzit  xab sifatida foydalanilgan holda uchinchi davlatlarga uchish, tranzit sayyoh sifatida Toshkentda bir necha kun qolib “Sharq yulduzi” nomini olgan azim poytaxtimizning diltortar maskanlaridan bahramand bo‘lish taklif qilindi.  

Tarixchi – Ural turizm uyushmasi prezidenti Mixail Malsev o‘z nutqida ko‘hna Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari jahon tamadduni rivojida alohida o‘rin tutishi bois xorijlik sayyohlarni, jumladan, rossiyaliklarni ham o‘ziga rom etishi bejiz emasligini alohida taʼkidladi.

Uning aytishicha, keyingi yillarda sverdlovsklik sayyohlar uchun O‘zbekiston alohida tanlangan yo‘nalishga aylangani va Yekaterinburgdan O‘zbekistonning bir qator shaharlariga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani buning yaqqol tasdig‘i hisoblanadi. Mixail Malsev mamlakatimizda juda ko‘plab tarixiy yodgorliklar mavjudligi, ular bugungi kunda O‘zbekiston hukumati tomonidan ko‘z qorachig‘idek avaylab asralayotganini eʼtirof etdi.

O‘z navbatida, Darya Sirotina Bosh konsulxona tomonidan O‘zbekiston turizmini targ‘ib qilishda olib borayotgan faoliyatiga yuqori baho berar ekan, bunda o‘zining ham kamtarona hissasi borligini faxr bilan qayd etdi. U taqdimot ishtirokchilariga o‘zining ijod mahsuli bo‘lgan “Moy Uzbekistan” kitobining yozilish tarixi haqida atroflicha to‘xtaldi

“Kitob 4 ming nusxada chop etilgani holda eng ko‘p sotiladigan bestseller kitoblar qatoridan joy oldi, - dedi u. - Bugungi kunda ushbu kitob zahirada mavjud emas. Uning ko‘p sotilishi rusiyzabon xalqlarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishining tobora ortib boratganidan dalolatdir.

Taqdimot intihosida Darya Sirotina ishtirokchilarni  yana bir muhim nuqtaga eʼtibor qaratishga chaqirdi: “Biz O‘zbekistonning boy tarixi, obidalari haqida juda ko‘p asosli gapirishimiz mumkin, lekin ushbu diyorning yana bir boyligi – bu yurtda yashovchi xalqning mehmondo‘stligini alohida eʼtirof etishimiz lozim”, dedi u. 

Ushbu tadbir tafsilotlari Uralning qator ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritildi.

Mavzuga oid

O‘zbekistonning diqqatga sazovor sayyohl...

Bokuda Ozarbayjon turizm- blogerlari uyushmasi vakillari uchun O‘zbekistonning sayyohlik s...

Pokistondan munosabat: O‘zbekiston rahba...

O‘zbekistonning Pokistondagi «ziyorat turizmi» elchisi Pir Hasib ur-Rahmon “Dunyo” AA uchu...

Turizmni rivojlantirish instituti Buyuk ...

O‘zbekiston va Buyuk Britaniyaning turizm yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasa...

So`nggi yangiliklar