11/Avgust/2022 Madaniyat
DUSHANBE, 11-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan mamlakatimizning Dushanbe shahridagi elchixonasi ko‘magida Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Ilhom Safarov boshchiligidagi Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri jamoasining Tojikistonga ijodiy safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Safar davomida Dushanbe shahrida joylashgan Tojikiston Yoshlar teatrida ushbu jamoa sanʼatkorlarining sahnalashtirilgan “Muhabbatim – qismatim mening” spektakli namoyish etildi.
200 nafardan ziyod tomoshabinlar hukmiga havola etilgan, oilaviy munosabatlar va farzandlar tarbiyasi to‘g‘risida hikoya qiluvchi ushbu spektakl teatr ijodkorlari tomonidan mahorat bilan ijro etilgani bois tomoshabinlarning olqishlariga sazovor bo‘ldi.