27/May/2023 Dolzarb
SINGAPUR, 27-may. /“Dunyo” AA/. «Stie Pte Ltd» kompaniyasining ijrochi vitse-prezidenti Mohamed Amin “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 25 may kuni Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashining o‘ttizinchi yig‘ilishidagi nutqi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
- O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevrosiyo Oliy iqtisodiy kengashi (YEOII) yig‘ilishidagi nutqida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transport, logistika va raqamli platformalarni integratsiyalashga qaratilgan ushbu kengash doirasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini aniq belgilab berdi.
O‘zbekiston yetakchisining muqobil transport yo‘nalishlari va barqaror logistika tarmoqlarini yaratish bo‘yicha qo‘shma harakatlarni kuchaytirish tashabbusini alohida taʼkidlashni muhim, deb bilaman. Bu Markaziy Osiyoni Xitoy, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo bilan bog‘lovchi xalqaro “Shimol-Janub” yo‘nalishlari va boshqa yirik yo‘nalishlarni kengaytirishni anglatadi.
Shuni ham qayd etishni istardimki, bugungi kunda O‘zbekistonda ochiq iqtisodiy siyosat olib borilmoqda. Savdoni erkinlashtirish, sanoatni modernizatsiya qilish rag‘batlantirilmoqda, sarmoyaviy muhit yaxshilanyapti. Xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash va kengaytirish borasidagi ishlar davom etmoqda.
Bugungi global o‘zgaruvchanlik va taʼminot zanjirlaridagi uzilishlar, barcha mamlakatlar qiyinchiliklarga duch kelayotgan bir paytda, iqtisodiyotni tez tiklash va barqaror o‘sish, shuningdek, raqobatbardoshlikni oshirish uchun amaliy yechimlar muhim ahamiyatga ega.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan YEOIIning so‘nggi kengashida ilgari surilgan tashabbuslar, nazarimda, dolzarb va bugungi global iqtisodiy vaziyat talablariga to‘liq javob beradi. Shuningdek, ular mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarning barqaror rivojlanishini taʼminlashga, shuningdek, o‘zaro savdodagi mavjud to‘siq va cheklovlarni bartaraf etishga xizmat qilishi shubhasiz.