20/Yanvar/2023 Ilm-fan
TOSHKENT, 20-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonda yaratilgan yuqori samarali payvandlash materiallari va texnologiyalari xorijga eksporti yo‘lga qo‘yilmoqda, deb xabar berayapti “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi maʼlumotiga ko‘ra, Akademiyaning Materialshunoslik instituti va Singapurning «JIT Engineering & Solitions Pte.Ltd» kompaniyasi bilan mamlakatimizda yaratilgan yuqori samarali payvandlash materiallari va texnologiyalarini Hindiston hamda Janubiy Osiyoning boshqa mamlakatlari bozorida ilgari surish va tijoratlashtirish to‘g‘risida kelishuv imzolandi.
Kelishuvga muvofiq Materialshunoslik instituti mahalliy va ikkilamchi xom ashyolar asosida masʼuliyatli konstruksiyalarda (ko‘priklar, binolar, texnologik inshootlar va qurilmalar) ishlatiladigan alyuminiy qotishmalari, zanglamas po‘lat va boshqa metallar uchun yuqori samarali payvandlash materiallarini yaratish va sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha ishlarni amalga oshiradi.
«JIT Engineering & Solitions Pte.Ltd» kompaniyasi esa yangi mahsulotlar va texnologiyani xalqaro bozorga olib chiqish va ilgari surish ishlari bilan shug‘ullanadi.