25/Sentabr/2022 O'zbekistonning ShHTga raisligi
QOHIRA, 25-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Misrning “Al Masr Al Youm” nashrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammiti yakunlariga bag‘ishlangan maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
«O‘zbekiston Prezidenti: Samarqand sammiti bir-biriga bog‘langan dunyoda muloqot va hamkorlik uchun muhim» sarlavhali material davlatimiz rahbari tomonidan SHHT sammiti arafasida eʼlon qilingan konseptual maqola asosida tayyorlangan. Nashrda SHHT faoliyatiga qo‘shilishga istak bildirayotgan davlatlar soni yildan-yilga ortib borayotgani, bu xalqaro va mintaqaviy munosabatlarning zamonaviy tizimini o‘zgartirish sharoitida ayniqsa yaqqol ko‘zga tashlanayotgani taʼkidlangan.
O‘zbekiston rahbari SHHTga raislik missiyasi doirasida Tashkilotni jadal rivojlantirish strategiyasiga tayangani, hamkorlikning yangi ufqlarini ochib, uning har bir aʼzosida mavjud zaxiralarni ishga tushirgani qayd etilgan. «SHHTning keng qamrovli kun tartibi – xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish, transport va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, tashkilotning xalqaro maydonda mavqeini yana-da oshirish, rivojlanishning yangi yo‘llari va nuqtalarini izlashgacha bo‘lgan masalalarni qamrab olgan», deb yozadi manba.
Materialda taʼkidlanganidek, O‘zbekistonning SHHTga raisligi mamlakat tomonidan so‘nggi olti yil davomida olib borilayotgan faol va ochiq tashqi siyosatning mantiqiy davomi bo‘ldi. «Bu siyosat, birinchi navbatda, SHHTning jug‘rofiy o‘zagi bo‘lgan Markaziy Osiyoda mujassam bo‘lib, bugungi kunda yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlikni mustahkamlashning ijobiy jarayonlari amalga oshirilmoqda», deya qayd etadi “Al Masr Al Youm”.
Nashrda chop etilgan ikkinchi maqolada BAA, Bahrayn, Kuvayt, Maldiv orollari va Myanma Shanxay hamkorlik tashkilotining muloqot bo‘yicha sherigi maqomini olish yo‘lidagi jarayon boshlangani maʼlum qilingan.
«O‘zbekiston rahbari taʼkidlaganidek, Misr va Qatar ushbu tashkilotning muloqot bo‘yicha sherigi bo‘lganidan keyin ushbu qaror qabul qilindi», deb yozadi Misr nashri.