Uz / Ўз Ru En

Toshkent

26/Noyabr/2021   Iqtisodiy diplomatiya

Seulda Janubiy koreyalik yirik biznes va davlat korporatsiyalari vakillari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi

TOSHKЕNT, 26-noyabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov rahbarligidagi hukumat delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida Seulda kecha Janubiy koreyalik yirik biznes va davlat korporatsiyalari vakillari ishtirokida davra suhbati o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.


Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda Samsung Group, KIA Motors, LG Corporation, POSCO Group, Hyundai Motor Group, Lotte Group, Korea Telecom, KNOC kabi kompaniyalar rahbarlari, shuningdek, KITA Koreya xalqaro savdo uyushmasi va «KUBA» Janubiy Koreya-O‘zbekiston ishbilarmonlar assotsiatsiyasi vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida Sardor Umurzoqov so‘zga chiqib, O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar yo‘lidan barqaror harakatlanayotganini hamda iqtisodiyotning oshkoraligini oshirish va jahon iqtisodiy makoniga integratsiyalashni davom etishga intilayotganini ta’kidladi. U, shuningdek, Janubiy Koreya biznes vakillarini O‘zbekistonda yaratilgan noyob imkoniyatlardan foydalanishga taklif etdi, tegishli masalalarni hal etishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbarining nutqi davomida bir qator yirik koreys kompaniyalarining O‘zbekistonda keng ko‘lamli yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish tajribasi qayd etildi. So‘nggi bir necha yil ichida o‘zaro munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan O‘zbekiston va Koreya Respublikasi  o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni mustahkamlashda ishbilarmon doiralarning roli alohida ta’kidlandi.

Energetika, yengil sanoat, metallurgiya, axborot texnologiyalari, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va elektrotexnika kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish uchun keng imkoniyatlar va ishga solinmagan zaxiralar muhokama etildi.

Janubiy Koreya biznesi vakillari o‘z kompaniyalari haqida ma’lumot berdilar hamda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va tarmoqlari, shuningdek, qo‘shma loyihalar doirasida o‘zaro manfaatli sheriklik mexanizmlariga to‘xtalib, kelgusida O‘zbekistonda faoliyat yuritish rejalari haqida fikr yuritdi.

Davra suhbatida O‘zbekiston va Janubiy Koreya ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda, Koreya Respublikasi  xalqaro savdo uyushmasi bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Ana shunday tashabbuslardan biri sifatida yaqin kelajakda O‘zbekiston-Janubiy Koreya biznes-forumi tashkil etilishi kutilmoqda.

 

Mavzuga oid

Janubiy koreyalik hamkorlar bilan O‘zbek...

Mamlakatimizning Janubiy Koreyadagi elchixonasida «GL Rapha» kompaniyasi raisi Xvan Je Gan...

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari ...

Bugun O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sar...

Yaponiya kompaniyasi O‘zbekiston fuqarol...

O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Yaponiyaning «Jonan Kotsu Co...

So`nggi yangiliklar