27/May/2022 Parlament
TOSHKENT, 27-may. /“Dunyo”/. Kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevning Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) direktori o‘rinbosari, katta siyosiy maslahatchisi Jonatan Aves bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmatidan maʼlum qilinishicha, bo‘lib o‘tgan uchrashuvda YETTB va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
YETTB delegatsiyasi rahbari O‘zbekistonda aholi turmush darajasini oshirish, kambag‘allikni kamaytirish, gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan o‘zgarishlar va islohotlar ko‘lamini alohida taʼkidlab o‘tdi.
Tomonlar so‘nggi yillarda O‘zbekiston va YETTB o‘rtasidagi hamkorlik yuqori darajaga ko‘tarilganini qayd etdi.
Jonatan Aves YETTB Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi maqsadlariga erishishda har tomonlama ko‘mak berishga tayyor ekanligini tasdiqladi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘zaro manfaatli sohalarda samarali hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.