30/May/2023 Parlament
TOSHKENT, 30 may. /“Dunyo” AA/. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Yevropa ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terxi Xakala hamda YEIning terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Ilkka Salmi bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Parlament yuqori palatasi maʼlumotiga ko‘ra, muloqot davomida mamlakatimizning YEI bilan munosabatlarining turli yo‘nalishlari, xususan parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Senat raisi O‘zbekiston va YEI o‘rtasida keyingi yillarda turli darajadagi muloqot faollashganini taʼkidlab, YEI delegatsiyalari, xususan, Yevropa Kengashi, YEI komissiyasi va Yevropa parlamenti vakillarining O‘zbekistonga amaliy tashriflari, mamlakatimiz hukumati va parlamenti vakillarining esa Yevropa ittifoqiga tashriflari amalga oshirilayotganini alohida qayd etdi.
– Biz O‘zbekiston va Yevropa parlamenti o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishda kuzatilayotgan ijobiy dinamikani davom ettirish tarafdorimiz. Bu borada «O‘zbekiston – YEI» Parlament hamkorligi qo‘mitasi doirasida tashkil etilgan muloqot muhim o‘rin tutadi, – deya taʼkidladi Tanzila Norboyeva.
O‘z navbatida Terxi Xakala samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston «YEI – Markaziy Osiyo» formatida faol ishtirok etayotgani, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish, YEIning yetakchi kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etishga katta ahamiyat berilishini bildirdi.
– YEI O‘zbekistonda kechayotgan tub demokratik yangilanishlarni to‘la qo‘llab quvvatlaydi va bu borada O‘zbekistonning barcha sohalarda xalqaro umumeʼtirof etilgan prinsiplarga sodiqligini olqishlaydi. «YEI – O‘zbekiston» muloqotini amaliy mazmun bilan yana-da boyitish tarafdorimiz, – deya taʼkidladi Terxi Xakala.
Uchrashuv yakunida muhokama etilgan masalalar bo‘yicha hamkorlikni yana-da kuchaytirishga kelishib olindi.