Uz / Ўз Ru En

Toshkent

22/Sentabr/2021   Saylov - 2021

Saylovlarni o‘tkazishda xalqaro kuzatuvchilarning o‘rni


TOSHKENT, 22-sentabr. /“Dunyo” AA/. Saylov jarayonlari oshkora va haqqoniy o‘tishini ta’minlashda kuzatuvchilarning ishtiroki muhimdir. Zero, ular saylov kampaniyasi boshlanganidan yakuniy natijalar e’lon qilingunga qadar ishtirok etishi, jarayonlar borishi OAVda muntazam yoritilishi oshkoralik muhiti yaratilishiga xizmat qiladi, shuningdek, fuqarolarning saylovlarga ishonchi ortishi va saylovda faol ishtirok etishini ta’minlovchi asosiy vositalardan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston adliya vazirligi mas’ul xodimi Sevara O‘rinboyeva “Dunyo” AAga taqdim etgan sharhda ushbu mavzu haqida so‘z yuritgan.

- Saylov jarayonlarining legitimligiga baho berish maqsadida xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlardan ham kuzatuvchilar tashrif buyuradi, - deydi ekspert. - Ularning jarayonlarni bevosita kuzatib, tahlil asosida e’lon qiladigan xulosasi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni kelgusida takrorlamaslik uchun qonunchilikka tuzatishlar kiritish jihatidan ham davlatning xalqaro miqyosdagi ijobiy imijini mustahkamlashda muhim sanaladi.

BMTning 2005 yil 27 oktyabr kuni e’lon qilingan Saylovlarni xalqaro kuzatish prinsiplari to‘g‘risidagi deklaratsiyasi va unga ilova qilingan Saylovlarda xalqaro kuzatuvchilarning ahloq kodeksi qoidalari asosida xalqaro tashkilotlar tomonidan turli qoidalar ishlab chiqilgan. Ular faoliyati ushbu hujjatlar va davlatlarning milliy saylov qonunchiligi bilan bog‘liq normativ hujjatlarga asoslanadi.

Xalqaro kuzatuvchilar uzoq muddatli va qisqa muddatli kuzatuvchilarga bo‘linadi. Uzoq muddatli kuzatuvchilar saylov kunidan 6-8 hafta oldin, qisqa muddatli kuzatuvchilar saylovdan 3-5 kun oldin tashrif buyuradi.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 8-moddasida saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga, Qonunchilik palatasi, mahalliy kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, xalqaro tashkilotlardan, xorijiy davlatlardan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etish huquqiga ega ekani belgilab qo‘yilgan.

Saylov kodeksiga binoan, kuzatuvchilar o‘z faoliyatini tegishli komissiyalar tomonidan berilgan mandatlar asosida amalga oshiradi. Boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarga mandatlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi.

Bunda saylov kampaniyasi boshlangani e’lon qilingandan so‘ng MSK xorijiy davlatlar saylov organlari va xalqaro tashkilotlarga Tashqi ishlar vazirligi orqali taklifnoma yuboradi. Tashqi ishlar vazirligi o‘z tashabbusiga ko‘ra yoki davlat hokimiyati organlari, vazirliklar, idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari, boshqa tashkilot va muassasalar takliflariga binoan ham saylovga xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni taklif etishi mumkin. Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar ham saylovda xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi sifatida ishtirok etish istagini izhor etib, Tashqi ishlar vazirligiga murojaat yo‘llashga haqli.

Xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar tegishli hujjatlarni ovoz berish kunidan kamida o‘n kun oldin taqdim etishi lozim.

Xususan, joriy yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Prezidenti saylovida YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (DIIHB) Parlament assambleyasi, MDH, ShHT, IHT va boshqa xalqaro tashkilotlar, chet davlatlardan kuzatuvchilar tashrif buyurmoqda.

Jumladan, DIIHB saylovni kuzatish missiyasi O‘zbekistonda o‘z faoliyatini 1999, 2004, 2009, 2014, 2019 yillarda besh marta parlament, 2007, 2015 va 2016 yillarda uch marta Prezident saylovida amalga oshirgan.

E’tiborlisi, saylovlarni tashkil etishda DIIHB ekspertlarining avvalgi Prezident saylovlari yakunlari bo‘yicha hisobotlarida bayon etilgan fikr-mulohazalari va tavsiyalari e’tiborga olingan.

Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byuroga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2016 yilgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakuni bo‘yicha 24 ta tavsiyadan 19 tasi qabul qilingan. Umuman, 2016-2021 yillar davomida DIIHB yakuniy xulosalari asosida O‘zbekiston saylov qonunchiligiga 29 ta tavsiya, 8 ta qisman qabul qilingan tavsiya implementatsiya qilindi.

Jumladan, DIIHB missiyasi tomonidan berilgan qonunchilikka saylov kampaniyasi davrida davlat resurslarini suiste’mol qilish masalasini aniq hal etadigan aniq normalar kiritilishi lozimligi to‘g‘risidagi tavsiyasi inobatga olinib, Saylov kodeksining 44-moddasi quyidagi me’yorlar bilan to‘ldirildi:

“Quyidagilarning saylovoldi tashviqotini olib borishi taqiqlanadi:

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining;

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining, sudyalarning;

saylov komissiyalari a’zolarining;

diniy tashkilotlar professional xizmatchilarining;

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga o‘z mansab va xizmat mavqeidan saylovoldi tashviqoti vaqtida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishi taqiqlanadi”.

Shuningdek, DIIHBning “shaffoflikni oshirish maqsadida partiyalar saylov kunidan oldin saylov bilan bog‘liq xarajatlar haqidagi oraliq hisobotni berishni talab etish maqsadga muvofiqdir”, degan tavsiyasini inobatga olgan holda “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasiga quyidagicha o‘zgartirish kiritildi:

“Siyosiy partiya har yili qonunchilikda belgilangan muddatlarda hamda tartibda moliya organlariga, davlat soliq xizmati organlariga, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Adliya vazirligiga hisobot davrida olingan hamda sarflangan moliyaviy va boshqa mablag‘lar to‘g‘risida moliyaviy hisobot taqdim etishi shart. Siyosiy partiya saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun o‘ziga ajratilgan davlat mablag‘lari yuzasidan saylov kunida oraliq hisobotni, saylov natijalari e’lon qilinganidan keyin esa yakuniy hisobotni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etadi”.

24 oktyabr kuni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovini kuzatish bo‘yicha joriy yil 15 sentyabrdan DIIHBning saylovni kuzatish bo‘yicha missiyasi ish boshladi.

Saylovni kuzatish uchun Markaziy saylov komissiyasi taklifi bilan DIIHB missiyasining Ouen Myorfi boshchiligidagi 12 kishidan iborat asosiy jamoasi tashrif buyurdi. Delegatsiya a’zolari Germaniya, Avstriya, Belarus, Polsha, Moldova, Slovakiya, Ukraina, Ruminiya, Gruziya va Shimoliy Makedoniya vakillaridir.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida DIIHBdan 300 ga yaqin kuzatuvchi qatnashadi, shu jumladan, Chexiya, Fransiya, Italiya, Germaniya, Norvegiya, Shvetsiya, Polsha, Shveysariya, Rossiya, AQSh, Daniya, Finlyandiya, Gruziya, Vengriya, Qirg‘iziston, Litva va Buyuk Britaniya kabi 18 mamlakatdan uzoq muddatli 28 nafar kuzatuvchi ham ishtirok etadi. Ular saylov kuni O‘zbekistonning hududlarida saylov jarayonlarini, qisqa muddatli 250 ta kuzatuvchi ovoz berish protseduralarini kuzatadi.

Xalqaro kuzatuvchilar mahalliy kuzatuvchilar singari saylov qonunchiligida belgilangan huquqlardan foydalanadi. Jumladan, xalqaro kuzatuvchilar Markaziy saylov komissiyasi, saylov okruglari hamda uchastka saylov komissiyalarida bo‘lib o‘tadigan majlislarda ishtirok etish huquqiga ega. Shuningdek, joylarda nomzodlar ko‘rsatish bilan bog‘liq yig‘ilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish huquqi qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilgan.

Kuzatuvchilar saylov uchastkalaridagi tayyorgarlik ishlarining borishi, yashirin ovoz berish kabinalari joylashtirilishi va saylov qutilari muhrlanishini, fuqarolarning ro‘yxatga olinishi hamda ularga saylov byulletenlari berilishini kuzatishi mumkin. Biroq kuzatuvchilardan ushbu jarayonlarga bevosita aralashmaslik, ya’ni saylovning tabiiy ravishda bo‘lib o‘tishiga imkoniyat berish talab etiladi.

Bundan tashqari, saylov qonunchiligi kuzatuvchilarning ovozlar sanab chiqilayotganda va saylov komissiyasining bayonnomasi tuzilayotganda ishtirok etishiga, saylov natijalari tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng esa hujjatlardan ko‘chirma nusxalar olishiga ham ruxsat beradi.

Agar tegishli saylov uchastkasida ushbu saylov qonunchiligi talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan, deb hisoblash uchun asoslar bo‘lsa, kuzatuvchilar bu haqda saylov komissiyasiga ma’lum qilishi mumkin. Xalqaro va xorijiy kuzatuvchilarning yuqoridagi huquqlardan foydalanishi uchun Markaziy saylov komissiyasi tomonidan berilgan mandat va shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi yetarli hisoblanadi.

Saylovning haqqoniy o‘tishi va saylovchilar tomonidan eng munosib nomzodgina saylanishini ta’minlash maqsadida Saylov kodeksining 33-moddasiga asosan kuzatuvchilar ayrim harakatlarni amalga oshira olmaydi. Masalan, saylov kunida fuqaro saylov byulletenidagi o‘zi tanlagan nomzodga ovoz berish uchun o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda kuzatuvchilarning yashirin ovoz berish kabinasida yoki ovoz berish xonasida bo‘lishi qat’iyan ma’n etilgan. Kuzatuvchilar tashviqot materialini yoki adabiyotini tarqatishi, saylovchilardan kimga ovoz berganini so‘rashi, ularga saylov byulleteniga belgi qo‘yishda yordam ko‘rsatishga urinishi yoki boshqacha tarzda fuqarolarga ta’sir o‘tkazishi mumkin emas. Shuningdek, saylov komissiyasining faoliyatini, shu jumladan, saylov qutilarini muhrlash, ularni ochish, ovozlarni sanab chiqish jarayonlarini bevosita kuzatish mumkin bo‘lgan holda, ushbu jarayonga aralashish qonun bilan taqiqlangan.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, O‘zbekistondagi saylovda ishtirok etuvchi xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar soni sezilarli darajada oshgan. 2015 yilda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida chet ellik 296 nafar kuzatuvchi qatnashgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2016 yilgi Prezident saylovida 555 nafarni tashkil etgan. 2014 yil 21 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga bo‘lib o‘tgan saylovda 331 nafar xorijiy kuzatuvchi qatnashgan bo‘lsa, 2019 yilgi parlament saylovida ularning soni 825 nafarga yetdi. Bu esa mamlakatimizdagi saylovlar xalqaro hamjamiyat e’tiborini jalb qilayotgan yangi siyosiy muhit, tub o‘zgarishlar va demokratik islohotlar sharoitida o‘tayotganidan dalolatdir.

Mavzuga oid

O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodlar ke...

Mamlakatning oliy siyosiy lavozimiga nomzodlar mamlakatimiz hududlari bo‘ylab saylovchilar...

O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodlar bu...

Mamlakatimizning oliy siyosiy lavozimiga nomzodlar saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazi...

O‘zbekiston Prezidenti saylovi natijalar...

Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi (Union of OIC News Agencies) sayt...

So`nggi yangiliklar