11/Avgust/2022 Vatandoshlarimiz
SANKT-PETERBURG, 11-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va “Uzbekistan airways” hissadorlik jamiyatining Sankt-Peterburgdagi vakillari bilan birgalikda “StroyKraft” MJCHga qarashli “Tallinskiy les” turar-joy majmuasining qurilish maydonchasiga borishib, u yerda vaqtincha mehnat qilayotgan 80 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashuv o‘tkazishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat chog‘ida uchrashuv qatnashchilari Bosh konsulxona va “Uzbekistan Airways” kompaniyasi vakolatxonalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat turlari haqidagi maʼlumotlardan voqif bo‘lishdi. Shu bilan birga, mamlakatimiz fuqarolariga migratsiya sohasidagi yangi qaror va qonunchilik meʼyorlari, chet elda mehnat qilish uchun yaratilayotgan sharoit va qulayliklar to‘g‘risida atroflicha maʼlumotlar ham taqdim etildi.
Uchrashuv intihosida vatandoshlarga mamlakatimizda kechayotgan muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritilishi taklif etilgan o‘zgarish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati haqida fikr almashilgani barobarida yurtdoshlarimizni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Yuqoridagilar bilan birga, mamlakatimiz vakillari “StroyKraft” MJCH rahbariyati bilan aloqa o‘rnatishgani holda bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha maʼlumotlarni olishdi, mehnat migrantlari uchun yaratib berilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.