Uz / Ўз Ru En

Toshkent

24/May/2022   Iqtisodiy diplomatiya

Samarqand viloyati hokimligi delegatsiyasining Sverdlovsk va Chelyabinsk viloyatlariga amaliy safari samarali bo‘ldi

 YEKATERINBURG, 23-may. /“Dunyo” AA/. Yaqinda Samarqand viloyati hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Nozir Ibragimov boshchiligidagi delegatsiya amaliy safar bilan Sverdlovsk va Chelyabinsk viloyatlarida bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Bu qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlari eksporti hamda oziq-ovqat mahsulotlari importi bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlardan iborat Samarqand viloyati delegatsiyasining joriy yil 9-12-aprel kunlari  Yekaterinburg shahriga buyurgan amaliy safari chog‘ida Sverdlovsk viloyati rahbariyati bilan savdo-iqtisodiy sohada ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va yana-da rivojlantirish borasida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi sifatida tashkil etildi.

Mamlakatimizning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan  Ural savdo-sanoat palatasi prezidenti A.A. Besedin bilan tashkil etilgan uchrashuv chog‘ida savdo-iqtisodiy va sanoat kooperatsiyasi sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Ushbu uchrashuv  Samarqand va Sverdlovsk viloyati tadbirkorlarining biznes anjumaniga ulanib ketdi. Unda 50 nafarga yaqin rossiyalik tadbirkor ishtirok etdi.

Samarqanddagi quritilgan mevalar eksportiga ixtisoslashgan “FAST NET EXPORT” va to‘qimachilik sohasida faoliyat ko‘rsatadigan “SHERDOR ELITA PLAST” korxonalarining mahsulotlari sverdlovsklik tadbirkorlarda katta qiziqish uyg‘otgani bois tomonlar o‘rtasida mahsulotlarni yetkazib berish borasida aniq kelishuvlarga erishildi.

Tadbirda qatnashgan Rossiya Federatsiyasi Veterinariya va fitosanitariya bo‘yicha federal xizmati (Rosselxoznadzor) Sverdlovsk viloyati boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari S.A.Terexova bugungi kunda Rossiyada O‘zbekiston yetishtirayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga talab tobora ortib borayotganligini qayd etar ekan, ikki davlat hukumatlari o‘rtasida bunday turdagi mahsulotlarni Rossiyaga olib kirishda sodda tartib (“yashil yo‘lak” bojxona tizimi) ishlayotganligi ayni muddao bo‘layotganini taʼkidladi.

O‘z navbatida, biznes-forumda ishtirok etgan Yekaterinburg shahar maʼmuriyati Mahsulot bozori qo‘mitasining rahbari I.A. Beskrestnov o‘zbekistonlik tadbirkorlar yetishtirgan kishloq xo‘jaligi mahsulotlariga xaridorlar topish va ular bilan aloqa o‘rnatishda ko‘mak berishga hamisha tayyor ekanligini maʼlum qildi.

Biznes anjumani yakunida ikki mamlakat tadbirkorlarining V2V uchrashuvlari o‘tkazildi.

Rossiyalik tadbirkorlar mamlakatimizda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlariga ham katta qiziqish bildirishdi. Muloqotlar natijasi o‘laroq, Samarqand yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va sverdlovsklik tadbirkorlarning ijtimoiy tarmoqda alohida guruhini tashkil etish, ularning on-layn muloqotlarini faol qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.

Mamlakatimiz delegatsiyasi aʼzolari “Provansal” va “YEJK” yorlig‘i ostida mayonez, “Щyedroye leto” nomi bilan margarin hamda o‘simlik yog‘i ishlab chiqaradigan “YEJK” AJ (Yekaterinburg yog‘ kombinati) korxonasi faoliyati bilan ham tanishdilar. Suhbat chog‘ida o‘simlik yog‘ini xarid qilish masalasida faol muzokaralar o‘tkazildi.

Shuningdek, Samarqand viloyati delegatsiyasi aʼzolari Yekaterinburg shahrida joylashgan “C.I.T.” konteynerli bojxona terminalida ham bo‘lishib, u yerda yaratilgan sharoitlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar bilan yaqindan tanishdilar.

Mamlakatimiz delegatsiyasi aʼzolarining Chelyabinsk viloyati Iqtisodiy taraqqiyot vaziri N.R.Lugacheva va Janubiy Ural savdo-sanoat palatasi vitse-prezidenti I.Yu.Aristov bilan uchrashuvi chog‘ida ham hududlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy sohadagi o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama etildi.

40 nafardan ortiq rossiyalik tadbirkorlar hozir bo‘lgan Samarqand va Chelyabinsk viloyatlari ishbilarmonlari biznes-forumida ham O‘zbekistonda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi va yurtimizda ishlab chiqariladigan to‘qimachilik mahsulotlariga talab yuqori ekanligi ayon bo‘ldi. Shuningdek, rossiyalik ishbilarmonlar metallurgiya va mashinasozlik sohalarida ham o‘zbekistonlik hamkasblari bilan sanoat kooperatsiyasiga tayyor ekanliklarini maʼlum qilishdi. Samarqand viloyatida transformatorlar ishlab chiqarish va ularni eksport qilishga ixtisoslashgan “STANDART ELEKTRO TEXNIKA” korxonasi chelyabinsklik tadbirkorlar bilan o‘tkazgan muzokaralari natijasida hamkorlik bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari ...

9 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va ta...

AQSHning Luiziana shtati ishbilarmon doi...

O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobovning Luiziana shtatiga safari doirasida «Ya...

Iyul oyida Toshkent shahrida savdo-iqtis...

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor U...

So`nggi yangiliklar