Uz / Ўз Ru En

Toshkent

16/May/2022   Ta'lim

Rimda «Diplomacy Education» beshinchi o‘quv dasturining natijalari sarhisob qilindi

RIM, 15-may. /“Dunyo” AA/. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (IFAD) qarorgohida 8-14 may kunlari «Global Action» xalqaro notijorat tashkiloti (Italiya) tomonidan tashkil etilgan «Diplomacy Education» beshinchi o‘quv dasturining yakunlanishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Tadbirda O‘zbekiston prezidenti maktablarining bir guruh yuqori sinf o‘quvchilari hamda mamlakatimiz elchixonasi vakillari ishtirok etdi.

«Global Action» 2016 yili Rim shahrida tashkil etilgan notijoriy tashkilot bo‘lib, diplomatiya, BMT va barqaror rivojlanish sohasida o‘rta maktab o‘quvchilari uchun xalqaro taʼlim dasturlarini ishlab chiqadi. Tashkilot taʼlim dasturlarini bepul amalga oshirish va rivojlanayotgan mamlakatlarning talabalari uchun stipendiyalar taqdim etish orqali BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlaridan biri – “sifatli taʼlim”ga erishishga hissa qo‘shishga intiladi.

Marosim chog‘ida IFAD tashqi aloqalar va boshqaruv bo‘yicha vitse-prezidentning yordamchisi Satu Santala o‘quv dasturi tashkilotchilari va hamkorlariga minnatdorlik bildirar ekan, ushbu jamg‘arma jamoasi zamonamizning global muammolarini muhokama qilishda ishtirok etishga qiziqish bildirgan va ularni hal qilish yo‘lida birlashishga tayyor bo‘lgan yoshlarni qabul qilishdan mamnun ekanligini taʼkidladi.

«Global Action» prezidenti Alessandro Reali ham «Diplomacy Education» dasturining barcha ishtirokchilarini o‘quv kursni muvaffaqiyatli yakunlagani bilan samimiy qutladi. U iqlim o‘zgarishi, dunyoda ochlik va qashshoqlikni kamaytirish, inson huquqlarini himoya qilish kabi jahon hamjamiyatining global muammolarini hal qilishda hozirgi avlodning ishtiroki muhimligini alohida qayd etdi.

O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi Otabek Akbarov respublikamiz vakillarining Prezident taʼlim muassasalari agentligi rahbariyati va O‘zbekistonning «BMB TRADE GROUP» kompaniyasi ko‘magida tashkil etilgan «Diplomacy Education» o‘quv dasturida qatnashish bo‘yicha ilk tajriba ekanligi, ushbu o‘quv kursida ishtirok etish uchun butun O‘zbekiston bo‘ylab Prezident maktablarining eng sara va iqtidorli o‘quvchilaridan 11 nafari tanlab olinganini maʼlum qildi.

O‘quv kursi davomida O‘zbekiston vakillari xorijiy mamlakatlardagi tengdoshlari bilan aloqa o‘rnatish barobarida diplomatiya sohasida yangi bilim va amaliy ko‘nikmalarga, mashqlar doirasida u yoki bu halqaro tashkilotni tamsil etgan holda xalqaro muammolarni hal qilish bo‘yicha o‘z bilimlarini boyitish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ular shuningdek, Italiya va Vatikanning tarixiy va madaniy merosi bilan ham tanishishdi.

«Global Action» notijorat tashkiloti rahbarlari O‘zbekiston Prezidenti maktablari o‘quvchilarining ingliz tilini bilish va o‘qitish darajasiga yuqori baho berishdi.

Tadbir nihoyasida «Global Action Model United Nations 2022» simulyatsion konferensiyasi g‘oliblari eʼlon qilindi. Ular orasida O‘zbekiston vakillari sifatida ushbu anjumanda qatnashgan Italiyaning “Arestofane” (Rim shahri) litseyi o‘quvchilari ikki nominatsiya bo‘yicha quyidagi faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi:

- YUNESKO qo‘mitasining eng yaxshi vakilasi Juliya Polino;

- BMT Bosh Assambleyasi Qo‘mitasining eng yaxshi vakilasi Martina Marini.

Mavzuga oid

Yaponiyaning Kanazava universiteti bilan...

Yaponiya bilan fan va taʼlim sohadagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida O‘zbekis...

O‘zbekiston davlat konservatoriyasining ...

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan O‘zbekiston davlat konservatoriya...

Buyuk Britaniya universitetida O‘zbekist...

O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi ko‘magida «El-yurt umidi» jamg‘armasi dire...

So`nggi yangiliklar