18/Noyabr/2020 Sport
TOSHKENT, 18-noyabr. /“Dunyo” AA/. Peruda bo‘lib o‘tayotgan og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida onlayn Jahon kubogi musobaqalarining so‘nggi kunida yurtdoshimiz Qurbonmurod Nomozov -96 kilogramm vazn toifasida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Qurbonmurod Nomozov siltab ko‘tarishda 178 kilogramm, dast ko‘tarishda 142 kilogramm, ni umumiy hisobda 320 kilogramm toshni ko‘tardi. U eng yaqin taʼqibchisi, turkiyalik Emre Ozturkni 15 kilogrammga ortda qoldirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 29 yilligi nishonlanayotgan kunda Q.Nomozov sharafiga davlatimiz madhiyasi sadolari ostida mamlakatimiz bayrog‘i ko‘tarildi.
Nufuzli musobaqada jahonning 61 ta davlatidan jami 399 yosh atlet g‘oliblik uchun supachaga chiqdi. Jahon kubogida O‘zbekiston sharafini 7 nafar atletimiz himoya qildi.
Bungacha vakillarimizdan Nigora Abdullayeva (-55 kg) hamda Husenboy Matrasulov (-55 kg) o‘z vazn toifalarida oltin, Nigora Suvonova (-71 kg) kumush, Hojiakbar Olimov esa (-81 kg) bronza medallarini qo‘lga kiritgan edi.