23/May/2022 Ta'lim
TOSHKENT, 23-may. /“Dunyo” AA/. Prezident taʼlim muassasalari agentligining rahbari Hilola Umarova boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi London shahrida bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon taʼlim forumida qatnashmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Prezident taʼlim muassasalari agentligi tomonidan maʼlum qilinishicha, ushbu forum doirasida mamlakatimiz delegatsiyasi va bir nechta xalqaro tashkilotlar vakillari o‘rtasida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Xususan, O‘zbekiston delegatsiyasining Cambridge Assessment International Education, Times Higher Education va British Council singari taʼlim muassasalari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari chog‘ida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari va istiqboldagi rejalar atroflicha muhokama qilindi.
Shuni alohida qayd etish joizki, Butunjahon taʼlim forumi doirasida ushbu sohaga ixtisoslashgan nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislarning taqdimotlari bo‘lib o‘tmoqda. Anjuman doirasidagi taqdimot va uchrashuvlar davomida taʼlim sohasida pandemiyadan keyingi sharoitda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, karantin sharoitining o‘qitish tizimiga taʼsiri hamda taʼlimni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik singari dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.
Jumladan, Cambridge University Press & Assessment tashkilotining bosh ijrochi direktori Peter Filips o‘z taqdimoti chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi maktablar bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini alohida taʼkidladi.
Har yili o‘tkaziladigan Butunjahon taʼlim forumi taʼlim sohasidagi nufuzli xalqaro tadbirlaridan biri hisoblanadi. Bu yil ushbu anʼanaviy anjumanda sohaning 1000 nafarga yaqin mutaxassisi ishtirok etmoqda.