02/Mart/2022 Vatandoshlarimiz
VARSHAVA-KATOVITSE, 2-mart. /«Dunyo» AA/. Bugun mahalliy vaqt bilan soat 10.50da (Toshkent vaqti bilan 14.50) Polshaning Katovitse shahri aeroportidan bortida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan «Uzbekistan Airways» AJning oltinchi maxsus samolyoti havoga ko‘tarildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Navbatdagi reysda 251 kishi Vatanga qaytmoqda.
Bugun Katovitse aeroportiga Toshkentdan yana ikkita maxsus samolyotni kelishi kutilmoqda. Ma’lumki, Ukrainada bo‘lib turgan vatandoshlarimiz ayni ushbu shahar aeroportiga Ukraina-Polsha chegarasidagi «Karchova» nazorat o‘tish punktidan avtobuslarda olib kelinmoqda.
2 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 11.00 gacha olingan ma’lumotga ko‘ra, yana 600 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarosi «Karchova»da to‘plangan.
Mazkur nazorat-o‘tkazish punkti rahbariyati aholi oqimi kattaligi sababli fuqarolarni ushbu maskandan tezroq olib o‘tishni so‘ramoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston fuqarolari chegara hududidan Katovitse aeroportiga tezkorlik bilan olib kelinib, navbatdagi aviareysga rasmiylashtirilmoqda.
Lvov shahridan olingan ma’lumotga ko‘ra, yana yuzlab yurtdoshimiz Ukrainaning «Krakoves» nazorat o‘tish punktida Polsha chegarasini kesib o‘tishni kutmoqda. Shuningdek, shaharda ham fuqarolarimizning to‘planish jarayoni davom etmoqda.
O‘zbekistonning Polsha va Ukrainadagi elchixonalari xodimlari yuzaga kelayotgan masalalarni tezkorlik bilan hal etish bilan shug‘ullanmoqda.
Elchixonalar tunu kun faoliyat yuritmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida mamlakatimiz fuqarolarini Ukrainadan evakuatsiya qilish bo‘yicha uzluksiz faoliyat ko‘rsatadigan tezkor shtab hamda 1164 qisqa raqamli «koll-markaz» ishlab turibdi. Shuningdek, yurtdoshlarimiz mazkur masala yuzasidan «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Tezkor shtabi» Telegram-kanaliga @Miduzbshtab havolasi orqali ham murojaat qilishi mumkin.