30/Mart/2023 Sayyohlik
VARSHAVA, 30-mart. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Polshadagi elchixonasida Yangi O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan konferensiya tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Polshaning yetakchi ommaviy axborot vositalari va turkompaniyalar, ishbilarmon doira vakillari va «LOT Polish Airlines» aviakompaniyasining rahbariyati ishtirok etdi.
Taqdimot avvalida polyak tomoniga Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy va sayyohlik salohiyati, boy tarixi va madaniyati o‘ziga xosligi, meʼmoriy yodgorliklari, xususan, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Qo‘qon va boshqa dunyo tan olgan tarixiy shaharlar hamda diqqatga sazovor qadamjolari xususida maʼlumot berildi. Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston hukumati tomonidan turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan muhim islohotlar bilan ham tanishdilar.
Namoyish etilgan taqdimot, mamlakatimiz tarixiy shaharlari, meʼmoriy obidalari va milliy taomlari haqidagi videofilmlar Polsha tomonining katta qiziqishiga sabab bo‘ldi.
Diplomatik missiya jurnalistlarni Polsha bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida turizm, iqtisodiyot, siyosiy tashabbuslar, ekologiya, inson huquqlari, taʼlim, gender tenglik va boshqa sohalarda kechayotgan jarayonlar va ijobiy o‘zgarishlarni xolis yoritish jarayonida faol qatnashishga chaqirdi.
Polsha OAVda turkum materiallar eʼlon qilishni tashkil etish, ularni so‘nggi yillarda mamlakatda amalga oshirilgan islohotlarning eng muhim jihatlari bilan tanishtirish maqsadida jurnalistlar uchun O‘zbekistonga press-tur tashkil etish taklifi bildirildi. Bundan tashqari, Polsha turoperatorlariga O‘zbekistonga info-turlar tashkil etishda yordam taklif qilindi.
Anjuman davomida, shuningdek, ishtirokchilarga mamlakatimiz Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha umumxalq referendumining mazmun-mohiyati, ushbu muhim siyosiy tadbir O‘zbekiston tarixida birinchi marta amalda qo‘llanilayotgani maʼlum qilindi.
«Polsha – Osiyo» Savdo-sanoat palatasi prezidenti, Yanush Pexochinskiy konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi natijasida 220 mingdan ortiq takliflar kelib tushgani, muhokamalarda jamoatchilik va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari faol qatnashganini yuqori baholadi. Uning aytishicha, Asosiy qonunga qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha ko‘plab takliflar xalqaro majburiyatlarni, xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini amalga oshirishga va alohida qonunlarni konstitutsiyaviy normalar maqomiga ko‘tarishga qaratilgan.
Polsha Ayollar ligasi boshqaruvi raisi Aldona Mixalyak O‘zbekiston sayyohlik industriyasi katta salohiyatga ekanligi, mamlakatda xozirgi kunda ushbu sohada keng sharoitlar yaratilayotgani, xususan zamonaviy mehmonxonalar, aeroportlar, polyak sayyohlari hamda yirik turistik kompaniyalar eʼtiborini tortayotganini taʼkidladi. «Bugungi tadbir orqali O‘zbekistonda bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar, xususan ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar va turistik yo‘nalishlarda olib borilayotgan o‘zaro manfaatli hamkorlikning ifodasini ko‘rish mumkin», - dedi u.