Uz / Ўз Ru En

Toshkent

12/Avgust/2022   Konstitutsiyaviy islohotlar

Pokistonlik ekspertlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan davra suhbati Konstitutsiyaviy islohotlar muhokamasiga bag‘ishlandi

TOSHKENT, 12-avgust, /”Dunyo” AA/. Joriy yil 10 avgust kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan pokistonlik hamkorlar ishtirokida “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan yangi konstitutsiyaviy islohotlar tahlili” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


“Taraqqiyot strategiyasi” markazining Axborot xizmatidan maʼlum qilinishicha, tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Pokiston “Umumiy kelajak jamiyati” tadqiqot markazining ekspertlari, Islomobod Oliy sudi vakillari, huquq, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar sohasidagi mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda  ilmiy-akademik doiralar vakillari qatnashdi.

Davra suhbatida bugungi kunda O‘zbekistonda kechayotgan ijobiy o‘zgarishlar atroflicha muhokama qilinar ekan, islohotlarning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.

Shuningdek, tadbirda mahalliy maʼruzachilar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati hamda konstitutsiyaviy islohotlarning barcha bosqichlari bo‘yicha maʼlumotlar taqdim etildi.

Tadbirni moderator sifatida boshqargan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov o‘z nutqida Konstitutsiyaviy qonun loyihasida nazarda tutilgan eng asosiy meʼyorlarga to‘xtaldi.

Jumladan, E.Tulyakov O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlarning ahamiyati, “Inson – jamiyat – davlat” asosiy tamoyili va “Inson qadri uchun” g‘oyasini ilgari surishni nazarda tutuvchi mamlakatning asosiy qonuniga kiritilayotgan o‘zgarishlarning mazmun-mohiyatini, konstitutsiyaviy kafolatlar va qonun ustuvorligini taʼminlash, shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish uchun islohotlarning shartlari to‘g‘risida fikr yuritdi.

Shu bilan birga, davra suhbatida Konstitutsiyaviy qonun loyihasida fuqarolarning iqtisodiy huquqlari, xususiy mulkchilik, iqtisodiy faoliyatning erkinligini himoya qilishga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilayotganligi hamda ushbu o‘zgartirishlar xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi taʼkidlandi.

Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi, Konstitutsiyaviy komissiya aʼzosi Jahongir Shirinov konstitutsiyaviy islohotlarning barcha bosqichlari hamda ushbu jarayonda keng jamoatchilikning ishtiroki haqidagi maʼlumotlarni o‘rtoqlashdi.

Tadbirda ishtirok etgan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Kongratboy Sharipovlar Konstitutsiyaviy islohotlarning ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi ahamiyati qanchalik muhim ekanligini eʼtirof etdilar.

O‘z navbatida, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni bo‘yicha pokistonlik mutaxassislar ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Xususan, Pokiston “Umumiy kelajak jamiyati” tadqiqot markazi ijrochi direktori Xolid Taymur Akram o‘z nutqida O‘zbekistondagi islohotlarning so‘nggi yillardagi dinamikasi, mamlakatdagi konstitutsiyaviy o‘zgarishlar O‘zbekiston Prezidenti tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirilishida muhim bosqich ekanligini eʼtirof etdi.

– O‘tgan 5 yilda O‘zbekistonning rivojlanishida sezilarli siljish ko‘zga tashlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida O‘zbekistonni mintaqadagi muhim davlatga aylantirish, shu bilan birga, xalqaro hamjamiyat eʼtiborini O‘zbekistonga qaratish borasida ham muayyan natijalarga erishildi. Xususan, O‘zbekiston iqtisodiy jihatdan nafaqat Markaziy Osiyo, balki Yevroosiyo mintaqasidagi jadal rivojlanayotgan davlatlardan biriga aylandi. Bu esa, tashqi siyosatda o‘zaro mintaqaviy bog‘liqlikni rivojlantirish, jumladan, Markaziy va Janubiy Osiyo misolida, shuningdek, ichki siyosatda davlat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro aloqani mustahkamlash jarayonlarida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Ekspertning fikricha, mazkur islohotlarni izchil davom ettirish uchun, albatta, mamlakatda Konstitutsiyaviy islohotlarning o‘tkazilishi tabiiy zaruratdir. Shuningdek, ekspert tomonidan Konstitutsiyaviy o‘zgartirishlarda, eng avvalo, milliy qadriyatlardan kelib chiqqan holda fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini kafolatlashga, xususan, mamlakat aholisining asosiy qismi bo‘lgan yoshlarga ham alohida urg‘u berilganligi eʼtirof etildi.

Maryam Raza, Pokiston “Umumiy kelajak jamiyati” tadqiqot markazi ijrochi direktori o‘rinbosari:

– Shuni alohida taʼkidlash joizki, bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekiston muhim ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarga yuz tutmoqda. O‘zbekistonda inson qadrini yuksaltirishga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani yuksak eʼtirofga loyiq. Ishonch bilan ayta olamanki, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartishlar mamlakatda demokratik islohotlarni yana-da chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi.

Muhammad Usama Rauf, Islomobod Oliy sudining advokati va xalqaro huquq bo‘yicha ekspert:

– Konstitutsiyaviy islohotlarda davlat boshqaruvi sohasida ilgari surilayotgan o‘zgartirishlarga alohida to‘xtalib o‘tish joiz. Mazkur jarayonlarda, ayniqsa jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish bo‘yicha ilgari surilayotgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlayman.

Ayniqsa, Parlament nazoratini amalga oshirishga oid Oliy Majlis palatalari vakolatlarining konstitutsiyaviy asoslarini kuchaytirish bo‘yicha kiritilayotgan takliflar alohida ahamiyatga ega. Tabiiyki, Parlament faoliyatining takomillashuvi davlatning boshqa institutlari samaradorligining ortishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, Islomobod Oliy sudining sobiq bosh advokati Mian Abdul Rauf O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar zamonaviy voqeliklardan kelib chiqqan holda zarur ekanligini, bu ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchiga aylanishini taʼkidladi.

Davra suhbati yakunida ikki mamlakat tadqiqot markazlari tomonidan kelgusida ham O‘zbekiston va Pokistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonini birgalikda tahlil etish va istiqbolda hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirishga kelishib olindi.

Mavzuga oid

Indoneziyadagi vatandosh: Konstitutsiyag...

O‘zbekiston Prezidentining Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvdagi nutqiga...

Qirg‘izistondan munosabat: O‘zbekiston K...

Qirg‘izistonlik siyosatshunos Denis Berdakov “Dunyo” AA muxbiri bilan suhbatda mamlakat...

AQSHdan munosabat: Konstitutsiyaviy islo...

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan AQSH jamoatchili...

So`nggi yangiliklar