04/Sentabr/2021 O’zbekiston dunyo nigohida
ISLOMOBOD, 4-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan mamlakatimizning Islomoboddagi elchixonasi tomonidan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri bilan “Yangi O‘zbekiston demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda” sarlavhali intervyusi urdu va pushtu tillariga tarjima qilinib, Pokiston ommaviy axborot vositalarida chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Jumladan, ushbu suhbatning pushtu tilidagi tarjimasi “Daily Wahdat Peshawar” gazetasi sahifasida bosilib chiqdi. Mazkur nashr Pokiston va Afg‘oniston hududlarida istiqomat qiladigan pushtuzabon aholi orasida keng tarqatiladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidenti intervyusining urdu tilidagi matni “Concept TV Urdu” telekanalining elektron platformasi sahifasi orqali ham pokistonlik o‘quvchilarning eʼtiboriga havola qilindi.
Ushbu muhim dasturilamal suhbat matnini urdu va pushtu tillariga tarjima qilishda pokistonlik taniqli qalamkash - jurnalist, yozuvchi va tahlilchi Holid Xon yaqindan amaliy ko‘mak ko‘rsatdi.