05/Noyabr/2022 O'zbekistonning ShHTga raisligi
PEKIN, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi Shanxay hamkorlik tashkiloti Kotibiyatida “SHHTning Samarqand sammiti: umumiy taraqqiyot yo‘lida hamkorlikning yangi bosqichi” mavzusida davra suhbati tashkil etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda SHHT bosh kotibi Chjan Min, SHHTga aʼzo, kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha sherik davlatlar elchilari, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi, ilmiy-tadqiqot institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari, ekspertlar qatnashdi.
O‘zbekiston elchisi Farxod Arziyev SHHT Samarqand sammitining asosiy yakunlari va Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar haqida ishtirokchilarga maʼlumot berdi.
O‘zbekiston rahbariyati tomonidan eʼlon qilingan Umumiy umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lidagi Samarqand birdamligi tashabbusi mazmun-mohiyati va ahamiyatiga alohida urg‘u berildi.
SHHT Bosh kotibi Chjan Min O‘zbekistonning SHHTga raisligi juda muvaffaqiyatli va samarali bo‘lganini taʼkidladi.
“SHHT tarixidagi eng yirik sammit sifatida Samarqand sammiti muhim ahamiyat kasb etdi va tashkilot rivojida yangi bosqich bo‘ldi. Pandemiya boshlanganidan beri SHHT davlat rahbarlari ilk bor to‘liq tarkibda to‘plandi. Sammit davomida rekord miqdordagi hujjatlar imzolandi, SHHT oilasini kengaytirishning yangi bosqichi boshlandi”, deb taʼkidladi u.
Xitoy xalqaro muammolar akademiyasi prezidenti Syuy Bu O‘zbekistonning tashkilotdagi raisligining cho‘qqisi bo‘lgan Samarqand sammiti SHHTni rivojlantirishning yangi davrini ochib bergani va uni yana-da takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etganini taʼkidladi. “Sammit yorqin voqealar va samarali natijalarga boy bo‘ldi va tashkilot tarixida kuchli iz qoldirdi”, dedi ekspert.
U Samarqand sammitining qator muhim jihatlarini alohida taʼkidladi. Birinchidan, sammit SHHT mintaqasining yana-da barqaror rivojlanishiga, ayniqsa, jahon miqyosida tinchlik, ishonch, boshqaruv va taraqqiyot taqchilligi sharoitida kuchli turtki berdi. Uning fikricha, “hamkorlik va taraqqiyotga alohida eʼtibor qaratilgan Samarqand sammiti yakunlari xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholandi”.
Ikkinchidan, Samarqand sammiti SHHTning “Shanxay ruhi” tamoyillariga – qo‘shilmaslik maqomi, ochiqlik, konsensus, ishonch, o‘zaro manfaat, tenglik va o‘zaro hurmat tamoyillariga sodiqlikni yana bir bor urg‘uladi.
Uchinchidan, sammit SHHTning jozibadorligini taʼkidlab, tashkilot aʼzolari va hamkorlarini kengaytirish jarayonida yangi sahifa ochdi.
“Samarqand sammiti SHHT tashkil etilganidan buyon eng ko‘p tashrif buyurilgan va yakuniy hujjatlar soni va mazmuni jihatidan eng boy anjuman sifatida tarixga kirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev yuksak rahbarlik qobiliyatini namoyon etib, sammit muvaffaqiyatiga ulkan hissa qo‘shdi”, deya taʼkidladi Syuy Bu.
Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktori Sun Chuanchji Samarqand sammiti natijalarini mintaqaviy va global jihatdan tarixiy, deya baholadi. “Bugungi dunyo jiddiy sinovlardan o‘tmoqda, geosiyosiy taranglik va ziddiyatlar kuchaymoqda. Turli mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanishi ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelmoqda. SHHT Samarqand sammitining bunday sharoitda muvaffaqiyatli o‘tkazilishida O‘zbekiston rahbariyatining xizmati beqiyos”, deb hisoblaydi ekspert.
U, shuningdek, SHHT sammiti chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti tashkilot faoliyati asoslarini mustahkamlovchi, o‘zaro ishonch, umumiy xavfsizlik va farovonlikni taʼminlashda muhim o‘rin tutuvchi dolzarb tashabbus va takliflarni ilgari surganini ham qo‘shimcha qildi.
SHHT Xitoy tadqiqot markazi Bosh kotibi Den Xao O‘zbekistonning Shanxay tashkilotidagi raisligi va SHHTning Samarqand sammiti natijalari Toshkentning tashkilot rivojiga va uning samaradorligini oshirishga o‘ta masʼuliyatli munosabatini yana bir bor namoyon etganini taʼkidladi.
Davra suhbati ishtirokchilari O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida Samarqand birdamligi tashabbusi keng xalqaro hamkorlikni taʼminlashga o‘ziga xos yondashuvni ifodalaydi, degan fikrga keldi. Bu umumiy xavfsizlik va taraqqiyot muammolariga birgalikda yechim topish uchun dunyo davlatlari uchun birlashtiruvchi rol o‘ynashi mumkin.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning SHHT Samarqand sammitidagi nutqi matni va “Samarqand SHHT sammiti: o‘zaro bog‘liq dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali maqolasi tadbir ishtirokchilariga tarqatildi.
Davra suhbati yakunida uning iishtirokchilari uchun madaniy dastur tashkil etildi. O‘zbek xonandasi Shirin Abdullayeva ijrosida SHHTga aʼzo barcha davlatlar tillarida yangragan qo‘shiqlar tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.