02/Iyul/2022 Iqtisodiy diplomatiya
PEKIN, 2-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasida Yevropa taraqqiyot va tiklanish bankining (YETTB) Pekin shahridagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda «O‘zbekistonga sarmoya kiriting» mavzusida taqdimot tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Muzaffar Komilov.
Gibrid shaklda o‘tkazilgan mazkur tadbirda xitoylik ishbilarmonlar va mamlakatning yirik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va investorlar uchun yaratilayotgan qulay imkoniyatlar bilan atroflicha tanishtirildi.
YETTBning Pekindagi vakili Nova Li O‘zbekiston-Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik istiqbollari hamda O‘zbekistondagi biznes imkoniyatlaridan kelib chiqib, xitoylik ishbilarmonlarni O‘zbekistonda yangi loyihalar amalga oshirishga chorladi.
Ishtirokchilar o‘z maʼruzalarida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda hayotga tadbiq etilayotgan islohotlar yuqori samara berayotgani, iqtisodiyotning ko‘plab sohalarida katta imkoniyatlar yaratilayotganini alohida taʼkidladi.