Uz / Ўз Ru En

Toshkent

10/Iyul/2020   Dolzarb

Ozarbayjon - O‘zbekiston adabiy munosabatlaridagi tarixiy do‘stlik kelajak avlodlar uchun ham birdamlik rishtasi

BAKU, 10- iyul. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjon va O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng yangi davr talablariga muvofiq ko‘plab sohalarda, o‘zaro munosabatlar va rishtalarni rivojlantirish zarurati tug‘ildi, aniqrog‘i munosabatlarni rivojlantirish sohasida mutlaqo yangi ufqlar ochildi. Ikki davlat 1991 yilda milliy yuksalish va muvaffaqiyatlar kafolati bo‘lgan erkinlikka erishdi.


Ammo, birdamlik va hamjihatlik xabarchisi bo‘lgan madaniyat, adabiyot va sanʼat tinchliksevar faoliyati bilan yangi bosqichlarda xalqaro aloqalarni davom ettirish hamda kengaytirish uchun muayyan kelishuv va shartnomalarga ehtiyoj bilmay rivojlangan sohalardan biri bo‘ldi.

Ozarbayjon va O‘zbekiston Prezidentlarining oliy darajadagi, shuningdek, ikki davlat delegatsiyalarining turli darajadagi tashriflari do‘stlik, iqtisodiy sheriklik, adabiy va madaniy aloqalar rivojiga kuchli turtki berdi.

So‘nggi yillarda madaniyat sohasida davlat darajasidagi tadbirlar – O‘zbekistonda Ozarbayjon va Ozarbayjonda O‘zbekiston elchixonalarining ochilishi, Toshkentda «Ozarbayjon milliy madaniyat markazi» faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi, O‘zbekistonda Ganjaviy va Haydar Aliyevning, Bokuda esa buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiyning haykali o‘rnatilishi kabi muhim tadbirlar shubhasiz ikki qardosh xalq o‘rtasidagi munosabatlarni, adabiy va madaniy aloqalarni yana-da rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 14-oktyabrda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammitida ishtirok etish uchun Bokuga tashrifi davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqdi. Ushbu tashrif doirasidagi Ozarbayjon va O‘zbekiston Prezidentlari uchrashuvida erishilgan adabiy-madaniy hamkorlikni rivojlantirishga oid kelishuvlar o‘zaro munosabatlarni yana-da rivojlantirishga imkon bermoqda.

Ozarbayjon bilan O‘zbekiston xalqlari o‘rtasida mavjud ko‘p asrlik boy tarixiy adabiy va madaniy aloqalarga qaramay, bugungi kunda Ozarbayjon – O‘zbekiston munosabatlarini har tomonlama o‘rganish uchun cheksiz adabiy va madaniy aloqalarni ilmiy nuqtai nazardan tahlil qilib chiqish zarur. Olimlar va yozuvchilarning o‘zaro yaqin munosabatlari mazkur vazifalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbek adabiyoti Ozarbayjonda tadqiqot mavzusi sifatida har doim diqqat markazda bo‘lib kelgan. Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasining Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutida akademik Iso Xabibbeyli tashabbusi bilan tashkil etilgan Ozarbayjon – Turkmaniston – O‘zbekiston adabiy aloqalar bo‘limida bu borada qator ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Ushbu bo‘limda, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi adabiy munosabatlar xususiyatlari, mushtarakligi va yutuqlari o‘rganiladi.

Bo‘lim tomonidan turkiy dunyo iftixori, buyuk o‘zbek shoirlari Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur, ikki xalqning taniqli o‘g‘lonlari Maqsud Shayxzoda va Xolid Said Xo‘jayev, “Ozarbayjon va O‘zbekiston xalqlarining adabiy do‘stligi” kabi mavzularda o‘tkazilgan xalqaro ilmiy anjumanlarda o‘zbekistonlik olimlar doim faol ishtirok etib kelmoqda. Bundan tashqari, o‘zbek adabiyotini ommalashtirish va o‘rganish uchun qator kitoblar ozar tilida nashr etildi.

Bugungi kunda Ozarbayjonda taniqli adabiyotshunoslar Firudin bey Ko‘charli, Ismail Hikmet, Mir Jalal Pashayev, Mammad Arif, Hamid Arasli, Vohid Zohidov, Izzet Sultan, Natan Mollayev, Laziz Qayumov, Panax Halilov, Halil Rza Uluturk, Jannat Nagiyeva,  Isa Habibbayli, Akif Azalp, Yashar Gasimov, Pasha Alioglu, Shuhrat Sirojiddinov, Ibrohim Xaqqul, Hamidulla Boltaboyev, Komil Valiyev, Ramiz Asker, Tarlan Guliyev o‘zbek adabiyotining bugungi rivojlanishi bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

Birgina o‘z ilmiy faoliyatim misolida oladigan bo‘lsak, ozar – o‘zbek adabiy aloqalarining rivojlanishiga oid 250 dan ziyod ilmiy maqola nashr ettirdim. Shuningdek, o‘zbek adabiyotiga bag‘ishlangan 15 dan ortiq kitoblarim chop etildi. 30 yillik ilmiy faoliyatimning 25 yilini ozar – o‘zbek adabiy aloqalarini o‘rganishga bag‘ishladim. Bundan 12 yil oldin xalqlarimiz adabiy aloqalari mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilganman.

Ozarbayjon hamda o‘zbek adabiy aloqalarining boy va ko‘p asrlik tarixining o‘ziga xosligini belgilaydigan yana bir muhim jihat bu – umumiylik masalasidir.

Aytishim mumkun, Ozarbayjon – O‘zbekiston adabiy munosabatlaridagi tarixiy do‘stlik nafaqat bugun, balki kelajak avlodlar uchun ham birdamlik rishtasi bo‘lib qoladi.

 

 

Almaz BINNATOVA,

Ozarbayjon Nizomiy Ganjaviy nomidagi adabiyot institutining

«Ozarbayjon – Turkmaniston - O‘zbekiston adabiy aloqalari»

bo‘limi mudirasi,

Filologiya fanlari doktori, professor.

Mavzuga oid

Buxoroda «temir daftar»ga kiritilgan ayo...

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan COVID-19 salbiy oqibatlarini yumshatish, mamlakati...

Bryusselda Yevropa Ittifoqining Afg‘onis...

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov boshchiligi...

Seulda O‘zbekiston delegatsiyasi KUBA ra...

O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov bugun Janubiy Koreya-O‘zb...

So`nggi yangiliklar