Uz / Ўз Ru En

Toshkent

23/Oktabr/2021   Jamiyat

Ogayo shtati universitetida o‘zbek tili bayrami kuni nishonlandi


VASHINGTON, 23-oktabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil 21 oktabr kuni Ogayo shtati universiteti bilan hamkorlikda O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri. 

Anjumanda universitet tarix fakulteti dekani va o‘zbek tilini o‘qitish dasturi rahbari Skott Levi, o‘zbek tili o‘qituvchisi Kamola Azimova, Slavyan va Sharqiy Yevropa tadqiqotlari markazi direktor o‘rinbosari Yeliane Kunkler, Slavyan va Sharqiy Yevropa tadqiqotlari markazi xodimi Alisiya Baka, tadqiqotchi olimlar, doktorantlar va talabalar qatnashdi.

Mamlakatimizda o‘zbek tili va madaniyatini xalqaro ko‘lamda targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunining qabul qilinishi tarixi haqidagi ma’lumot taqdim qilindi. Ta’kidlanganidek, o‘zbek tilining o‘rni va obro‘sini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar izchil amalga oshirilayotgani tufayli davlat tili nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida o‘zining munosib o‘rni va mavqeiga ega bo‘lib bormoqda. Xususan, so‘nggi yillarda amerikalik talabalar orasida o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqish ortayotgani kuzatilmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston hukumati chet elliklar uchun maxsus darsliklar, lug‘atlar va qo‘llanmalar, video va audio materiallar ishlab chiqarish bo‘yicha ishlarni faollashtirish choralarini ko‘rayotgani ma’lum qilindi.

Tadbir doirasida Ogayo shtati universiteti talabalari va akademik hamjamiyati vakillari o‘zbek tilida mamlakatimiz madaniyati va tarixi, O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylari, buyuk mutafakkir va allomalarning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazdi. Amerikalik talabalarning o‘zbek tiliga hurmati, milliy madaniyatimiz, urf-odatlarimizni o‘rganishga bo‘lgan katta qiziqishi yaqqol sezilib turdi.

Ishtirokchilarda buyuk shoir, mutafakkir, davlat arbobi va o‘zbek adabiy tili asoschisi Alisher Navoiyning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan taqdimot katta qiziqish uyg‘otdi. Talabalar mumtoz shoirning she’rlarini o‘qib, ularni muhokama qilar ekan, asarlarning ohangdor ekanini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, onlayn-tadbir ishtirokchilari Samarqand, Buxoro va boshqa shaharlardagi diqqatga sazovor joylarga safar qilish kerakligini alohida aytib o‘tdi. O‘zbek milliy taomlarining xilma-xilligi, hatto eng talabchan gurmanlarni ham hayratga sola olishi ta’kidlandi.
Tantanali tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zbek tili va madaniyati bilan yanada yaqindan tanishish, shuningdek, yangi unutilmas taasurotlarga ega bo‘lish uchun O‘zbekistonga yangi safarlarini intizorlik bilan kutayotganini qayd etdi.

Aytish joiz, 1870 yil tashkil etilgan mazkur oliy o‘quv yurti AQSHning ijtimoiy-gumanitar fanlar ta’limi yo‘nalishi bo‘yicha universitetlar reytingida 17 va jahonda 45-o‘rinni egallaydi. Ayni paytda Ogayo davlat universitetida yiliga to‘rt bor o‘zbek tili kurslari tashkil qilinmoqda. Mamlakatimiz hayotining turli jabhalarida kechayotgan tub o‘zgarish va islohotlar amerikalik yoshlarning davlat tilimizni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirmoqda. 

Bundan tashqari, Ogayo universitetida o‘zbek tilini o‘rgangan bitiruvchilar AQSH hukumatining turli idoralarida Yevroosiyo masalalari bo‘yicha mutaxassis sifatida faoliyat yuritmoqda. O‘nlab iqtidorli kadrlar Markaziy Osiyo xalqlari tarixi, madaniyati va tilini tadqiq qilish bo‘yicha doktorlik izlanishlarini olib bormoqda.

Mavzuga oid

Namanganda Yaponiya ta’lim tajribasining...

Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasi Yaponiya bilan ta’lim-tajriba almashuv jarayon...

PEKINDA OLIY MAJLIS QONUNCHILIK PALATASI...

Pekin shahrida tashkil etilgan Toshkent shahridagi 147-Astrobod saylov okrugiga qarashli 3...

Janubiy Koreyadagi zavodda sodir bo‘lgan...

Xaman tumanida joylashgan metallni qayta ishlash zavodida O‘zbekiston fuqarolari ishlamasl...

So`nggi yangiliklar