Uz / Ўз Ru En

Toshkent

18/May/2022   O’zbekiston dunyo nigohida

O‘zbekistonning boy madaniyati, sanʼati va sayyohlik imkoniyatlari Hindiston matbuoti diqqat markazida

DEHLI, 18-may. /“Dunyo” AA/. Hindistonning yetakchi nashrlaridan biri - “The Telegraph” gazetasi va uning internet tarmog‘idagi sahifasida O‘zbekistonning boy madaniyati, sanʼati va sayyohlik imkoniyatlariga bag‘ishlangan salmoqli maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Maqola shu yil aprel oyida Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan Lazgi xalqaro raqs festivalida ishtirok etgan yetakchi turizm blogeri Karen Anand qalamiga mansub.

Muallif dastavval gazetxonlar eʼtiboriga mamlakatimizning boy tarixiga oid maʼlumotlarni havola etgan. “O‘zbekiston asrlar davomida Xitoyni Yaqin Sharq va Yevropa bilan bog‘laydigan Buyuk Ipak yo‘li deb nomlangan quruqlikdagi savdo yo‘llari kesishgan makon bo‘lib, Aleksandr Makedonskiy, Marko Polo va Chingizxon ushbu hududlardan o‘tganligi tarixdan maʼlum. O‘zbekiston hududida dunyoning eng qadimiy shaharlari joylashgan”, deb yozadi u.

Karen Anand O‘zbekiston viloyatlarining o‘ziga xos pazandachilik sanʼati, betakror mehmondo‘stlik anʼanalari to‘g‘risida ham qiziqarli maʼlumotlarni qalamga olgan.

Muallif bu gal O‘zbekistonga beshinchi bor sayohat qilganini va o‘z safari davomida Xiva shahrida tashkil etilgan Lazgi xalqaro raqs festivalida qatnashganini maʼlum qilar ekan, “The Telegraph” muxlislarini ushbu ko‘hna shaharning boy meʼmoriy yodgorliklari bilan yaqindan tanishtirishga harakat qilgan. “Bu ko‘hna shahar X-XIV asrlar oralig‘ida Buyuk Ipak yo‘lida gullab-yashnagan, gavjum yirik savdo markazi bo‘lishi bilan birga xorijlik savdogarlar va karvonlar uchun mashhur xordiq chiqarish maskani vazifasini ham o‘tagan”.

Xivaning diqqatga sazovor joylari sifatida Ichon qalʼa meʼmoriy yodgorligida joylashgan Tosh hovli, Pahlavon Mahmud maqbarasi va boshqa qadamjolar sanab o‘tilgan. Sanʼat va hunarmandchilikka oid maʼlumotlar ham hind jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otishi shubhasiz. 

Lazgi xalqaro raqs festivali to‘g‘risida hikoya qilar ekan, muallif badiiy bezaklarni mohirona ishlatgan holda ushbu milliy raqs turining yaratilish tarixi bilan batafsil tanishtiradi. “Lazgi qadimgi xorazmliklarning ming yillar davomida yashagan mahalliy muhitning ko‘pgina xususiyatlarini o‘ziga singdirgan raqsdir”, deb yozadi hind blogeri.

Maqolada mamlakatimizning boy sayyohlik salohiyati haqidagi maʼlumotlarga ham salmoqli o‘rin berilgan. “O‘zbekistonda tez orada sayyohlik avj pallaga chiqadi. U yerning yozi issiq, qishi esa sovuq. Shu sababli sayohat qilish uchun eng qulay va maqbul vaqt – aprel-may va sentyabr-oktyabr oylari. Agar siz Buyuk Ipak yo‘lini ko‘rishni orzu qilgan bo‘lsangiz, bu borada O‘zbekiston sizga barcha imkoniyatlarni taklif eta oladigan mamlakatdir. Darhaqiqat, bu go‘zal o‘lka har jihatdan tashrif buyurishga arzigulikdir. Uni albatta sayohat qilishingiz shart bo‘lgan manzillar ro‘yxatiga qo‘shing!”, deya o‘z maqolasini yakunlaydi bloger Karen Anand.

Mavzuga oid

Xitoy matbuoti «Boysun bahori» festivali...

«Xitoy» axborot-tahliliy jurnali sahifasida joriy yil 7-8 may kunlari Surxondaryo viloyati...

O‘zbekistonda kuchli fuqarolik jamiyatin...

Janubiy Koreyada ingliz tilida chop etiladigan «The Korea Post» gazetasida «Taraqqiyot st...

O‘zbekiston ziyoratgohlari Indoneziyada ...

Indoneziyaning “Liputan” axborot portalida Indoneziya parlament delegatsiyasining O‘zbeki...

So`nggi yangiliklar