Uz / Ўз Ru En

Toshkent

28/Sentabr/2021   Tahlil

O‘zbekistonlik ekspertlar Germaniyada yakshanba kuni o‘tkazilgan parlament saylovida kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi

TOSHKЕNT, 28-sentabr. /«Dunyo»AA/. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Markaziy Osiyo xalqaro instituti vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Germaniyada parlament saylovini tashkil etish va o‘tkazish amaliyoti, shuningdek, Berlindagi saylov uchastkalari faoliyati bilan tanishib, qator saylov komissiyalari a’zolari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.


Eslatib o‘tamiz, 26 sentabr kuni Germaniyada muhim siyosiy tadbir – navbatdagi parlament saylovi bo‘lib o‘tdi. Saylov 16 yil ichida birinchi marta GFRning amaldagi kansleri ishtirokisiz o‘tkazildi. Ma’lumki, 2018 yilda 4 marotaba kansler sifatida faoliyat ko‘rsatgan Angela Merkel mamlakatning eng yirik siyosiy kuchi – Xristian-demokratik ittifoqi (XDI) raisi lavozimidan iste’foga chiqqan va siyosatdan ketishini e’lon qilgan edi.

Aytib o‘tish joizki, federal kansler lavozimi uchun eng mashhur siyosiy partiyalardan uch nomzod kurashmoqda. Ular Xristian demokratik ittifoqi/Xristian sotsial ittifoqi (XDI/XSI) blokidan – XDI raisi Armin Lanshet, Germaniya sotsial-demokratik partiyasidan – vitse-kansler vazifasini bajaruvchi, Germaniya moliya vaziri Olaf Shols va «Union90/Green»dan – partiya hamraisi Annalena Berbok.

Germaniyaning 83 milliondan ortiq aholisidan 18 yoshdan oshgan 61 millionga yaqin fuqaro ovoz berish huquqiga ega. Shundan 31,2 millioni ayollar (51,7%) va 29,2 millioni erkaklarni (48,3%) tashkil qiladi. GFR hududi 299 ta okrugga bo‘lingan. Butun mamlakat bo‘ylab mahalliy vaqt bo‘yicha soat 08.00 dan 18.00 gacha ochiq bo‘lgan 60 mingga yaqin saylov uchastkasi tashkil etildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi, uchastka komissiyasi a’zolari, shuningdek, poytaxt saylov boshqarmasi vakillari bilan suhbat chog‘ida saylov komissiyalari faoliyatini samarali tashkil etish, fuqarolarning xohish-irodasini erkin ifoda etishlari uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha tajriba almashdi.

Germaniya tomoniga joriy yilning 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Prezidenti saylovi, 2019 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Saylov kodeksining mazmun-mohiyati, shuningdek, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish amaliyoti to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

O‘zbekiston vakillari, shuningdek, Germaniya tomonini milliy saylov qonunchiligidagi yangiliklar, okrug va uchastka saylov komissiyalari ishini tashkil etish amaliyotini takomillashtirish, ularni tuzish tamoyillari, faoliyatning ochiq, ob’ektiv xarakterini ta’minlash vazifalari bilan tanishtirdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Germaniya saylov qonunchiligi qiyoslanganda ayrim jarayonlar o‘xshashligi namoyon bo‘ldi. Bular qatorida muddatidan oldin ovoz berish imkoniyati, nogironlarning saylov huquqini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish kabilarni keltirish mumkin. Shu bilan birga, germaniyalik ekspertlar O‘zbekiston saylov qonunchiligida chet elda ovoz berish imkoniyatlari va gender tengligini ta’minlashning qonuniy mustahkamlanishi kabi yangiliklarni yuqori baholadi.

Germaniya vakillari, shuningdek, xalqaro kuzatuvchilarning O‘zbekistondagi saylovlarda qonuniy ravishda ishtirok etish tartibiga katta qiziqish bildirdilar. Aytib o‘tish lozimki, Germaniyada xalqaro kuzatuvchilarning ishtiroki va ularning vakolatlarini qonuniy tartibga solish mexanizmi mavjud emas.

O‘zbekistonlik ekspertlar tashrifi dasturidan Federal Prezident va Federal Kansler bo‘limlarida, Tashqi ishlar vazirligida, Germaniya Bundestagida, Brandenburg federal shtatining Landtagida (parlamentida) ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar, shu bilan birga Germaniyaning yetakchi tahlil markazlari, jamg‘armalari va ixtisoslashgan tashkilotlari bilan (SWP, DGAP, ZOIS, KAS, FES, VKNE) davra suhbatlari o‘tkazish ham o‘rin olgan.

Mavzuga oid

YEXHT DIIHB missiyasi: saylovlar hukumat...

2019 yil 23 dekabr YEXHT rasmiy veb-sahifasida YEXHT DIIHB missiyasining joriy yilning 25 ...

MDHni rivojlantirish konsepsiyasi: hamko...

Xalqaro va mintaqaviy miqyosda sodir bo‘layotgan geosiyosiy jarayonlarda davlatlararo muno...

Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishining ...

AQSH va “Tolibon” harakati o‘rtasida tarixiy tinchlik shartnomasi imzolandi.

So`nggi yangiliklar