Uz / Ўз Ru En

Toshkent

25/Aprel/2021   Iqtisodiy diplomatiya

O‘zbekistondan Eronga dukkakli mahsulotlar eksporti yo‘lga qo‘yiladi

TEHRON, 25 aprel. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Eksport faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida mamlakatimiz eksport salohiyatini yanada kengaytirish va uning tarkibini diversifikatsiya qilish maqsadida, mamlakatimizning Erondagi elchixonasi tomonidan O‘zbekistonning “Sirdarya Beans Export” kompaniyasi direktori Zafar To‘rayev va Eronning “Ghaza Faravar Penguin” kompaniyasi bosh direktori Muhammad Zamon o‘rtasida O‘zbekistonda yetishtirilgan turli xildagi dukkakli mahsulotlarni Eronga eksport qilish istiqbollari bo‘yicha videomuloqot tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Suhbat davomida xorijiy tadbirkor O‘zbekistonda yetishtirilgan dukkakli mahsulotlar o‘zining yuqori sifati va xalqaro standartlar talablariga to‘liq javob berishi va shu bois Eronda katta talab mavjudligidan “Ghaza Faravar Penguin” kompaniyasi ushbu mahsulotlarni yirik miqdorda sotib olishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, xorijiy tadbirkor mamlakatga xorijdan olib kirilayotgan dukkaklilar importi uchun qulay bojxona boji qo‘llanilishi O‘zbekiston uchun istiqbolda ushbu mahsulot turini Eronga eksport ko‘lamini oshirib borishga keng imkoniyatlar ochib berishini ta’kidlab o‘tdi.

Videomuloqotda erishilgan kelishuvlar va tomonlar o‘rtasidagi o‘tkazilgan bevosita muzokaralar natijasida ko‘ra, ikki kompaniya o‘rtasida umumiy qiymati 565 ming dollarga teng bo‘lgan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 500 tonna loviya mahsulotini Eronga eksport qilish borasida shartnoma imzolandi.

Shuningdek, “Sirdarya Beans Export” kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishish va kompaniyaning Sirdaryo viloyatida joylashgan dukkakli mahsulotlarni qayta ishlash korxonasi imkoniyatlari va quvvatlarini ko‘zdan kechirish maqsadida, Eron kompaniyasining eksport menejeri Behnom Sharifi O‘zbekistonga tashrif buyurib, loviya mahsulotini Eronga eksport qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.

“Sirdarya Beans Export” kompaniyasi direktori Zafar To‘rayev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv natijalariga ko‘ra, 23 aprel kuni shartnomaning boshlang‘ich bosqichi doirasida loviya mahsulotining dastlabki partiyasi (50 tonna) Eronga eksport qilindi.

Shu bilan birga, tomonlar o‘rtasida kelgusida mosh va loviyaning boshqa turdagi navlarini O‘zbekistondan Eronga eksport qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, “Ghaza Faravar Penguin” kompaniyasi Eronning oziq-ovqat va sut mahsulotlarini eng yirik ishlab chiqaruvchilardan biri “Mihan Group” xoldingining tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi va kompaniya har xil turdagi konserva mahsulotlarini tayyorlashga ixtisoslashgan.

Mavzuga oid

Bokuda O‘zbekiston-Ozarbayjon o‘rtasida...

O‘zbekiston elchisi Bahrom Ashrafxonov Ozarbayjon transport-ekspeditor kompaniyalari uyu...

O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Madin...

O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida 4 may kuni Madin...

ITSVda Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson ...

O‘zbekiton ITSV vazirining o‘rinbosari Badriddin Obidov «TMC Education Corporation Ltd» ko...

So`nggi yangiliklar