Uz / Ўз Ru En

Toshkent

07/Iyun/2021   Ta'lim

O‘zbekistondagi Gyote instituti: Ta’lim sohasida hamkorlik yanada faollashadi

TOSHKENT, 7-iyun. /“Dunyo” AA./ Xorijiy tillarni o‘rganish hamma zamonlarda ham katta ahamiyat kasb etgan va bundan keyin ham muhim bo‘lib qolaveradi. Ayniqsa, bugungi “kosmik” sur’atlarda rivojlanib, keskin o‘zgarib borayotgan zamonaviy global dunyoda xorijiy tillarni bilish zamon talabidir. Mamlakatimizning “Yangi O‘zbekiston” shiori ostida ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda dunyoga yuz tutayotgani o‘z-o‘zidan xalqaro hamkorlik ko‘lamining kengayishiga sabab bo‘lmoqda, bu esa xorijiy tillarni chuqur bilishga ehtiyojni yanada oshirmoqda.


Shu o‘rinda 2021 yil 19 may kuni davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi ham ayni muddao bo‘ldi.

Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan madaniyat muassasasi – O‘zbekistondagi Gyote instituti til bo‘limi boshlig‘i Dildora Muhammadaminova “Dunyo” axborot agentligi muxbiriga institut tomonidan ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan hamkorlik xususida so‘zlab berdi.

- O‘zbekistonda ilm-fan yo‘nalishlarini tizimli tarzda rivojlantirilayotgani e’tiborga loyiq, albatta, - deydi D.Muhammadaminova. - Joriy yil fizika va chet tillariga ustuvor ahamiyat berildi.

Institutimiz O‘zbekistonda ta’lim va madaniyat sohasidagi qator tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilib keladi. Hamkorlikning eng asosiy yo‘nalishlaridan biri – bu ta’lim sohasida hamkorlik bo‘lib, bu borada biz vazirlik va malaka oshirish institutlari, mahalliy ta’lim muassasalari bilan yaqindan ish olib borib, turli loyihalarni taqdim etib kelmoqdamiz. Xususan, ta’lim tizimida o‘quv dasturlarini takomillashtirish, pedagoglar malakasini oshirish, innovatsion-pedagogik metodlarni takomillashtirish va tatbiq etish kabi ko‘plab yo‘nalishlarda yaqindan istiqbolli hamkorlik qilish yo‘lga qo‘yilgan.

Xorijiy tillarni o‘rganish borasida dunyo tajribasidan ma’lumki, bugun xorijiy tillarni o‘zlashtirishga bilim sifatida emas, balki bilim olish uchun vosita sifatida yondashilmoqda. Shu sababli, xorijiy tillarni aniq fanlarga integratsiyalash chet tillarni o‘qitishning asosiy maqsadlaridan biri etib belgilangan. Bu borada institutimiz o‘zbekistonlik yosh til o‘rganuvchilar uchun qator loyihalarni taklif etmoqda. Xususan, 8-12 yoshdagi o‘quvchilar uchun atrof muhitdagi tabiat hodisalarini tadqiq etish jarayonida nemis tilini turli interfaol o‘yinlar orqali o‘rganish, bolalarda tabiiy fanlarni xorijiy tillar yordamida o‘rganishiga qiziqish uyg‘otish borasida “Bolalar onlayn universiteti” loyihasi ishlab chiqilgan va u muvafaqqiyatli amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, 13-16 yoshdagi o‘quvchilar uchun esa “O‘smirlar onlayn universiteti” loyihasi ish olib bormoqda. Unda o‘smir yoshlar robototexnika, tabiat, barqaror rivojlanish, energetika sohasi kabi mavzularni qamrab olgan hujjatli filmlar orqali nemis tilini o‘rganishi mumkin. O‘rta umumta’lim maktablarida loyiha materiallaridan nemis tili bo‘yicha darsdan tashqari tashkil etilgan to‘garaklarda foydalaniladi va “tajriba haftaliklari” tashkil etiladi, shuningdek kelgusida loyiha mavzusiga oid videofilmlarni nemis tilida tele- va radiokanallar orqali namoyish etish va efirga uzatish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, o‘rta umumta’lim maktablarining iqtidorli, faol o‘quvchilari uchun Gyote instituti imtihonlarida ishtirok etib, V2 yoki S1 darajadagi xalqaro sertifikatlarni olish imkoniyati ham mavjud.

Prezidentimiz qarorida chet tili o‘qituvchilarining xorijiy tillardan bilim darajasini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan, bu borada ham tizimli va samarali loyihalar hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘rta umumta’lim maktablari nemis tili o‘qituvchilarining nemis tilidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni xalqaro til imtihonlari tuzilishi bilan yaqindan tanishtirish, sertifikat uchun imtihon topshirishlariga imkon yaratish maqsadida tizimli ravishda Gyote instituti imtihonlariga tayyorlash seminarlari tashkil etilmoqda.

Xorijiy tillarni samarali o‘rganishni yo‘lga qo‘yish uchun avvalo, sifatli o‘qitishni tashkil etish lozim. Bu xalqaro miqyosdagi dolzarb masala qarorda alohida o‘rin egallagani barchamiz uchun quvonarli hol. Shu o‘rinda, institutimiz tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan loyihalarni ham ta’kidlab o‘tishni joiz, deb bilaman. Xususan, nemis tili o‘qituvchilarini bosqichma-bosqich malakasini oshirish maqsadida “Nemis tilini o‘qitishni o‘rganamiz” - DLL onlayn dastur amalga oshirilmoqda. Bunda nemis tili o‘qituvchilari germaniyalik mutaxassislar tomonidan olib boriladigan onlayn malaka oshirish mashg‘ulotlarda ishtirok etadi va muvaffaqiyatli qatnashgan o‘qituvchilarga malakalarini tasdiqlovchi xalqaro sertifikatlar beriladi. Bundan tashqari, o‘qituvchilarni ilg‘or pedagogik texnologiyalar, Germaniya hayoti va madaniyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ularni Germaniyadagi Gyote institutlariga malaka oshirish kurslariga yuboriladi.

Viloyatlardagi va olis hududlardagi nemis tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish, ularni zamonaviy ilg‘or metodlar bilan tanishtirish maqsadida har yili 2-3 marotaba “Mobil anjuman” tashkil etilmoqda. Anjuman doirasida, nemis tilini o‘qitish borasida har xil mavzularda seminar-treninglar o‘tkaziladi. Bu esa, eng avvalo, olis hududlarda joylashgan ta’lim muassasalari nemis tili o‘qituvchilarining malakasini oshirishga xizmat qilish barobarida o‘qituvchilarga o‘z bilim va tajribasini boyitishga imkon bermoqda.

O‘zbekistondagi Gyote instituti hamkorlikda amalga oshirayotgan loyihalar orqali mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘qitish va o‘rganish tizimining tubdan takomillashishiga o‘z hissasini qo‘shadi.

Bahriddin Aslanov suhbatlashdi.
“Dunyo” AA.

Mavzuga oid

O‘zbekiston va Yaponiya oliy o‘quv yurtl...

Bugun Toshkent farmatsevtika institutida (TFI) Yaponiyaning Iryo Sosei universiteti bilan ...

Buyuk Britaniya universitetida O‘zbekist...

O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi ko‘magida «El-yurt umidi» jamg‘armasi dire...

O‘zbekiston va Yaponiyaning taʼlim jabha...

O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi ko‘magida yurtimizda telekommunikatsiya sohasida ...

So`nggi yangiliklar