11/Avgust/2022 O’zbekiston dunyo nigohida
RIM, 11-avgust. /“Dunyo” AA/. Italiyaning yetakchi yangiliklar agentliklaridan biri - “Askanews” O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari mavzusini qamrab olgan maqolani eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda qayd etilganidek, ushbu sohadagi o‘zgarishlar xalqaro ekspertlar tomonidan ijobiy baholanmoqda va jamoatchilikning hukumatga bo‘lgan ishonchini oshirmoqda.
Maqolada islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad hokimiyatlar bo‘linishiga asoslangan mustaqil sud-huquq tizimini taʼminlashdan iborat ekanligi alohida taʼkidlanadi.
“Shu maqsadda sud-huquq tizimida o‘zgarishlar amalga oshirilgani barobarida eʼtiborga molik islohotlar hayotga tadbiq etildi, bular xalqaro ekspertlar tomonidan maʼqullandi”, deya O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy kengashi tasarrufidagi Sudyalar maktabining maslahatchisi Dilshod Aripov so‘zlaridan iqtibos keltiradi agentlik.
Maqolada Sloveniyaning sobiq adliya vaziri Goran Klimenchich, Minnesota (AQSH) shtati federal sudining sobiq sudyasi Jon Tanxeym va boshqa xorijiy ekspertlarning fikr-mulohazalari ham o‘z ifodasini topgan.