27/Yanvar/2023 O'zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarida
QOHIRA, 27-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Mansurbek Qilichev Misr Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik tadqiqotlar instituti direktori, elchi Valid Haggog bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat avvalida O‘zbekiston Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzurida tashkil etilgan Diplomatik akademiya va uning faoliyati to‘g‘risida maʼlumot berildi.
Qayd etilganidek, hozirgi vaqtda Diplomatik akademiyada zaxiradagi diplomatlarni tizimli tayyorlash bo‘yicha qisqa muddatli kurslar yo‘lga qo‘yilgan. Akademiyaning yaqin rejalarida mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, boshqa vazirlik va idoralari vakillarini intensiv tarzda qisqa va uzoq muddatli asosda tayyorlash, shu jumladan, magistrlik dasturlari va oliy o‘quv yurtidan keyingi taʼlim bosqichini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Valid Haggog Toshkentdagi Diplomatik akademiyada olib boriladigan kurslarga respublikaning katta amaliy va ilmiy tajribaga ega yetakchi mutaxassislari, olimlar, xorijiy davlatlarning diplomatik va ekspert-tahlil doiralari vakillari jalb etilayotganini yuqori baholadi.
Misr Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik tadqiqotlar instituti direktori, shuningdek, o‘zi rahbarlik qilayotgan institut faoliyati to‘g‘risida maʼlumot berdi.
«O‘zbekiston bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatish maqsadida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Diplomatik akademiya rahbariyati hamda JIDU tarkibidagi Xorijiy tillarni o‘qitish til markazi bilan o‘zaro munosabatlarni muhokama qilishga tayyormiz», dedi Valid Haggog.
Maʼlumot uchun: Misr Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik tadqiqotlar instituti 1966 yili tashkil etilgan. Institut mamlakat tashqi siyosatida xizmat qiluvchi yetuk kadrlar yetishtirish, hukumat idoralari xodimlari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etishda katta tajribaga ega nufuzli taʼlim maskani hisoblanadi.