16/Dekabr/2022 Jamiyat
TOSHKENT, 16-dekabr. /“Dunyo” AA/. Adliya vaziri Akbar Toshqulov boshchiligida mamlakatimiz delegatsiyasi amaliy safar bilan Ozarbayjonda bo‘lib turibdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Vazirlik maʼlumotiga ko‘ra, safar doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Boku shahrida tashkil etilgan «Ilg‘or boshqaruv sari yo‘l: bir darchadan kechayu-kunduz xizmat ko‘rsatishga o‘tish» mavzusidagi xalqaro forumda ishtirok etdi.
Forum ishida, shuningdek, AQSH, Avstraliya, Gruziya, Indoneziya, Marokash, Moldova, Uganda, Chernogoriya Respublikasi va boshqa davlatlardan martabali mehmonlar hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari qatnashdilar.
Akbar Toshqulov o‘z nutqida O‘zbekistonda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida erishilgan muvaffaqiyatlar hamda bu yo‘nalishda ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilayotganligi haqidagi maʼlumotlarni o‘rtoqlashdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ortiqcha maʼmuriy tartib-taomillarni bartaraf etish hisobiga davlat xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirish, shuningdek, idoralararo elektron hamkorlikni rivojlantirish borasida erishilgan ijobiy natijalar alohida taʼkidlandi. Shuningdek, «yagona darcha» tamoyili asosida ishlovchi davlat xizmatlari markazlari tashkil etilganligi hamda bu jarayonlar to‘liq raqamlashtirilgani holda byurokratiya keskin kamaytirilgani va korrupsiyaga yo‘l ochib beruvchi jarayonlar bartaraf etilganligi borasida amalga oshirilgan amaliy ishlar forum ishtirokchilarining eʼtiboriga havola qilindi.