17/Dekabr/2022 O‘sish nuqtasi
TOSHKENT, 17-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonda joriy yil oxiriga qadar IT-xizmatlar eksporti hajmi 100 million dollarga yetadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi maʼlumotiga asoslanib.
Bu haqda Toshkent shahrida o‘tkazilgan «O‘zbekistonda Gender raqamli tafovutni bartaraf etish» mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbatida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov aytib o‘tdi.
«Bu yo‘nalishda doim hamkorlikda ishlashga tayyormiz. Raqamli tafovut haqida gapiradigan bo‘lsak, dastlab O‘zbekistonda ko‘pchilik xotin-qizlar internetdan foydalanmas ekan, degan fikrlar paydo bo‘lgandi. Biroq aslida unday emas. Turli izlanishlar orqali maʼlum bo‘lmoqdaki, aholining bu qatlami ham axborot texnologiyalaridan unumli foydalanmoqda.
Bu orqali biz ayollarni AKT sohasiga ko‘proq jalb qilishga, masofaviy xizmatlar bilan taʼminlash va o‘qitishga harakat qilyapmiz. Prezidentimiz tomonidan axborot texnologiyalari sohasida belgilab berilgan strategiyalaridan keyin ko‘pgina ishlar amalga oshirildi va joriy yil oxiriga qadar IT-xizmatlar eksporti hajmini 100 million dollarga yetkazish niyatidamiz. Keyingi 5 yillikda esa 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilganmiz. Buning uchun esa biz ushbu jarayonda ayollarimizning ko‘proq ishtirok etishini xohlaymiz», dedi Sherzod Shermatov.
Uchrashuvda, shuningdek, raqamli bo‘linishni tartibga soluvchi eng yaxshi amaliyotlar va dunyoni bog‘lash uchun tashkilotlararo hamkorlik, Raqamlashtirishda gender tengligi: asosiy to‘siqlar va oldinga yo‘llar, O‘zbekistonda gender masalalarini hal etish uchun ayollarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida BMT Taraqqiyot dasturi va O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi o‘rtasida o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolandi.