Uz / Ўз Ru En

Toshkent

11/Avgust/2022   Markaziy Osiyo

O‘zbekiston va Turkmaniston avtomobil transportida yuk tashuvlar jarayonini to‘liq qayta tiklash, shuningdek, yuk tashish talablarini soddalashtirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladi

TOSHKENT, 11-avgust. /“Dunyo” AA/. Toshkentda  transport masalalari bo‘yicha o‘zbek-turkman ishchi guruhining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


O‘zbekiston Transport vazirligi tomonidan maʼlum qilinishicha, mamlakatimiz Transport vaziri o‘rinbosari A.Mo‘minov va “Turkmen avtoulaglari” agentligi raisining o‘rinbosari V.Xodjanepesov ikki mamlakatning avtomobil, temir yo‘l, aviatsiya tizimi tashkilotlar vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama etdilar.

Xususan, tomonlar ikki davlat o‘rtasida avtomobil transportida yuk tashuvlar jarayonini to‘liq qayta tiklash, shuningdek, yuk tashish talablarini soddalashtirishdan manfaatdor ekanliklarini qayd etib o‘tishdi.

O‘zbekiston tomoni avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirayotgan o‘zbek haydovchilari uchun Turkmanistonga kirish vizasini berish talablarini soddalashtirish va muddatlarini qisqartirish yuzasidan turkman tomoniga takliflarini bildirdi.

Tomonlar temir yo‘l va avtomobil transportida yuk tashuvlari hajmini oshirish maqsadida transport koridorlarini rivojlantirish yo‘nalishidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish yuzasidan fikr almashdi.

O‘zbekiston tomoni “Turkmanboshi” porti orqali o‘tuvchi transport koridorlari butun mintaqa uchun muhim ekanligini va ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik aloqalarini rivojlatirish zarurligini taʼkidlab o‘tdi. Tomonlar tranzit yo‘nalishlarda yuk tashish hajmini oshirish uchun temir yo‘l infratuzilmasini yana-da modernizatsiya qilish, shuningdek, yuk tashuvlarida transport xarajatlarini kamaytirish maqsadida chegirmalar taqdim etish choralarini ko‘rishga kelishib oldilar. 

Uchrashuvda, O‘zbekiston tomoni mamlakatlarimiz o‘rtasida yo‘lovchi tashishni tashkil etish yo‘nalishidagi ishlarni faollashtirishni taklif qildi. Tomonlar O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – O‘mon transport yo‘lagining barcha ishtirokchilari bilan Ashxobod shartnomasi doirasidagi ishlarni faollashtirishga kelishib oldilar.

Uchrashuv davomida tomonlar xalqaro yuk tashishni amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa amaliy masalalarni ham ko‘rib chiqdilar. Yig‘ilish yakuni bo‘yicha tegishli bayonnomani imzolandi.

Mavzuga oid

Janubiy Koreya kemasozlik zavodi menejer...

Yurtdoshlarimizni xorijda bandligini ta’minlash maqsadida Janubiy Koreyaning qator salohiy...

Qoraqalpog‘iston tarixiy yodgorliklarini...

YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy komissiyasi Qoraqalpog‘iston tarixiy yodgorlik...

O‘zbekiston Prezidentining davlat tashri...

Nur-Culton shahrida O‘zbekiston-Qozog‘iston biznes-forumi va O‘zbekiston-Qozog‘iston ishbi...

So`nggi yangiliklar