27/May/2023 TIV yangiliklari
TOSHKENT, 27-may. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov kecha Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Tobias Billstryom bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan.
Vazirlar ikki tomonlama munosabatlar jadal surʼatlarda rivojlanayotgani, turli darajadagi aloqalar faollashayotgani, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘sayotganini mamnuniyat bilan qayd etishgan. Shu nuqtai nazardan, Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Tobias Billstryom Stokgolmda O‘zbekiston elchixonasi ochilgani uchun minnatdorlik bildirib, diplomatik missiya mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni boyitishda muhim bo‘g‘in bo‘lib xizmat qilishini urg‘ulagan.
Tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari ustuvor sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni yana-da rivojlantirish, iqtisodiy diplomatiyani rag‘batlantirish, ko‘p tomonlama platformalar doirasidagi hamkorlik va mintaqaviy taraqqiyot masalalari yuzasidan fikr almashganlar.