02/Fevral/2023 O'zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarida
STOKGOLM. 2-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Shvetsiyadagi Muvaqqat ishlar vakili Nodir G‘aniyev Stokgolmda parlamentning xalqaro bo‘limi (Riksdag) maslahatchisi Martin Brozek bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Shvetsiya parlamentlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Riksdag delegatsiyasining 2020 yilda mamlakatimizga tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Shvetsiya parlamentlaridagi Do‘stlik guruhlari orqali almashuvlarni faollashtirish, shuningdek, o‘zaro tashriflar va qo‘shma hamkorlikni tashkil etish orqali ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasida doimiy amaliy aloqalarni davom ettirish hamda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashishga kelishib olindi.